Dizel yoqilg‘isi narxi 15%ga tushiriladi

Dizel yoqilg‘isi narxi 15%ga tushiriladi

«O‘zbekneftgaz» rahbari Bahodirjon Sidiqov AJ dizel yonilg‘isi narxini 15 foizga pasaytirmoqchi ekanini ma’lum qildi.

Kechagi yig‘ilishda Davlat rahbari fermerlarga yoqilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib berishda nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.

Bu bo‘yicha 13 fevral kuni prezident raisligida o‘tgan videoselektr yig‘ilishida topshiriq berilgan.

Bahodirjon Sidiqov «O‘zbekneftgaz» oldida 2024 yilda 680 ming tonna dizelni arzonlashtirilgan narxda fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish vazifasi turganini ta’kidladi. Uning aytishicha, «O‘zbekneftgaz» tomonidan ushbu vazifa ijrosi ta’minlanadi.

«Biz 2024 yilda 2023 yilga nisbatan qo‘shimcha 200 ming tonna dizel yonilg‘isini ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Dizel yetkazib berish bo‘yicha miqdor jihatidan hech qanday masala bo‘lmaydi. Yana bir topshiriq dizel yonilg‘isini arzonlashtirilgan narxda yetkazib berish bo‘yicha bo‘ldi. Biz bir hafta davomida barcha hisob-kitoblarimizni yakunlab, dizel yonilg‘isining birjaga qo‘yiladigan narxlarini 15 foizga kamaytirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘ryapmiz», — dedi Sidiqov.

Qayd etilishicha, ushbu dizelning sifatli bo‘lishini, o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash uchun yangicha tartib o‘rnatiladi. Yangicha tartib orqali hududlar kesimida «O‘zbekneftgaz»ning markaziy apparati va neft bazalari, bundan tashqari, fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi mas’ullarning alohida vazifalari belgilab beriladi.

Bundan tashqari, fermerlar uchun «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati rahbariga o‘z savollari yoki taklif va mulohazalarini yuborish mumkin bo‘lgan Telegram guruhi ochilgan. Fermerlar 71−233−28−88 raqamlariga ham qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin, dedi kompaniya rahbari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!