Dinda "fortochka" qidirmang!

«Ey iymon keltirganlar! Har xil narsalarni so‘rayvermanglar. Agar sizga ayon qilinsa, o‘zingizga yomon bo‘ladi. Agar Qur’on nozil qilinib turgan chog‘da so‘rasangiz, sizga ayon qilinadi. Holbuki, Alloh ularni afv qilgan edi. Alloh mag‘firatli, halim Zotdir» ("Moida" surasi, 101-oyat).
Ushbu oyatni o‘qish va uni chuqur o‘rganish orqali ummat orasidagi islomiy hayot tarzi va savol-javobga oid odob va axloq namunalaridan boxabar bo‘lasiz. Ko‘pchilik musulmonlar mazkur oyatda bitilgan ilohiy amrlarni shaxsiy hayotlariga tadbiq qilishni unutib qo‘yadilar yoki unga befarq bo‘ladilar.
Oyatning avvalida Alloh azza va jalla shunday deydi:
«Ey iymon keltirganlar!»
Demak, bu xitobga o‘zini mo‘min deb hisoblagan har bir shaxs quloq tutishi kerak.
«Har xil narsalarni so‘rayvermanglar».
Ha, oyatda butkul savol berishdan qaytarilayotgani yo‘q, balki bo‘lar-bo‘lmas narsalarni so‘rash, hamma narsani titkilash nazarda tutilmoqda.
«Agar sizga ayon qilinsa», ya’ni agar so‘ragan narsangizga javob nozil qilinsa,
«o‘zingizga yomon bo‘ladi». Aytilmoqchiki, Alloh taolo tarafidan savolingizga berilgan javob sizni xursand qilmasligi, balkim yoqmasligi va og‘ir botishi, yomon bo‘lishi mumkin. Keyin bekor so‘ragan ekanman deb, afsuslanishingiz hech gapmas.
Hayotda ko‘p guvohi bo‘lgansiz: odamlar din olimlariga savol beradilar, biror narsaning halol yoki haromligini surishtiradilar. Hatto shunday holatlar ham bo‘ladiki, bir kishi imomning oldiga kelib, «Falon narsani qilsa bo‘ladimi, harom emasmi?» deb so‘raydi. Imom bu savolning javobini bilmasligini aytib, «Falon ustozning oldiga boring, u kishi javobini biladilar», deydi. Shunda savol beruvchi «Biz u kishidan so‘rab ko‘rdik, yo‘q, mumkin emas, bu harom, dedilar», deb qoladi. Keyin yana «Boshqa yana kimdan so‘rasak bo‘ladi», deb ham qo‘yishadi.
Boshqacha qilib aytganda, o‘zini qiziqtirgan savolga «bo‘laveradi» deydigan kishi topmaguncha hamma imomlardan so‘rab chiqadi. Hayotda shunaqasi ham bo‘ladi-da, to‘g‘rimi? Kimdir qayerdadir qaysidir mazhabda bu ishni harom emas deb aytgan joyi bormikan deb qiziqib yuradi. Agar birorta imom adashib «Ha, bo‘laveradi» deb qolsa bormi, yuzta imomning «Bo‘lmaydi, harom!» degan gapi bir chetda qolib ketaveradi. Lo‘nda qilib aytganda, dindan «fortochka» qidirishadi.
Javobi sizga yoqmasligi mumkin bo‘lgan savolni savol qilib bermay qo‘yavering. Agar bersangiz, javob qanaqa bo‘lishidan qat’i nazar, sizga yoqadimi yo‘qmi, uni qabul qilishga tayyor turing. Sizni javob rostdan ham qiziqtirayotgan bo‘lsagina savol so‘rang. O‘zingizning ishingizni shar’an oqlab berishlari ilinjida bo‘lmang.
Ikki kishi bir xil savol berishi, ammo ularning niyatlari turlicha bo‘lishi mumkin. Biri «Falon narsa dinimizda halolmi yoki harommi, shuni bilmoqchiman. Agar harom bo‘lsa, qilmayman. Menga keragi − shu. Nega halol yo harom bo‘lgan, bu meni qiziqtirmaydi. Agar Alloh taolo buni menga harom qilgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan meni qaytargan ekan, bas, men uchun shuning o‘zi yetarli», deydi. Boshqasi esa aksincha o‘yda: «Bu harom bo‘lsa kerak, lekin qaysidir ulamoning gapimi yoki qaysidir kitobdami, qayerda bo‘lsa ham buning haromligiga shubha qilingan fikrni topsam bas, o‘shanga tayanib, shu ish qilishim mumkin», degan niyatda savol beradi.
Aslida bu savol berish emas, bahona qidirishdir. Alloh taolo esa bunday yo‘l tutishdan ogohlantirmoqda. Maqsadingiz xolis emas ekan, har xil narsalar haqida savol so‘rayvermang demoqda. Subhonalloh!
Savol berishdan avval savolingizning ortidagi niyat va maqsadingizni to‘g‘rilab oling. Savol berish ayb emas, balki savol berib, so‘ng berilgan javobni sizga yoqmagani yoki siz kutgandek bo‘lmagani bois qabul qilmaslik aybdir.
Islom bo‘ysunish degani. Bir masalaning hukmi sizni qiziqtirdimi, javobi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, unga bo‘ysunish va amal qilish Islomdir. Ko‘ngilga yoqadigan javobni olguncha so‘rayverish yoki nega unday, nega bunday deb tortishish, yoqqanini olib, yoqmaganini tashlab qochish bo‘ysunish bo‘lmaydi.
Alloh taolo hamalarimizni faqat haqiqatni o‘rganish uchun savol beradigan bandalaridan va olingan javobni bajonidil qabul qilib, darhol uni hayotga tadbiq etadigan kishilardan aylsin va bu yo‘lda bizga O‘zi madadkor bo‘lsin!
Manba: azon. uz