Din ishlari bo‘yicha qo‘mita: «Diniy qadriyatlarni askiya ob’ektiga aylantirish oqlab bo‘lmaydigan hatti-harakat hisoblanadi»

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita: «Diniy qadriyatlarni askiya ob’ektiga aylantirish oqlab bo‘lmaydigan hatti-harakat hisoblanadi»

Avvalroq Azon.uz orqali Azon.uz tahririyatidan Zo‘rTV telekanaliga raddiya nomli maqola chop etilgan edi. Unda telekanalda efirga uzatilgan Xontaxta ko‘rsatuvida musulmonlar ming to‘rt yuz yildan beri amal qilib kelayotgan nikoh ahkomlarining ustidan kalaka qilinishi na qonun, na insof, na mantiq va na sog‘lom aqlga sig‘adigan bir hodisaligi aytilib, mutasaddi tashkilotlardan ushbu ishga huquqiy baho berilishi so‘ralgan edi.

Azon.uz ga ma’lum qilinishicha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ushbu ko‘rsatuv yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevga shu yilning 15 fevral sanasidayoq tushuntirish ishlari olib borish yuzasidan xat yo‘llagan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari N. Abulhasan imzosi bilan yuborilgan xatda (xat nusxasi tahririyatda mavjud) diniy qadriyatlar, rasm-rusumlar va ibodatlarni askiya ob’ektiga aylantirish, har qanday ezgu maqsadda bo‘lmasin, oqlab bo‘lmaydigan hatti-harakat hisoblanishi, nikoh, mahr va taloq mavzulari ustidan askiya qilish og‘ir gunoh bo‘lish bilan bir qatorda, e’tiqodiy manbalarda shariat hukmlari ustidan kuluvchilar dindan chiqishi xavfidan ogohlantirgan.

Shu bilan birga, bu kabi diniy mazmundagi latifalar aytish, aholi orasida milliy va diniy qadriyatlarga nisbatan bepisandlik, e’tiborsizlik va shar’iy mavzularga hurmatsizlik kayfiyatini shakllantirib, din arboblari va yurtimiz dindorlari orasida norozilik kayfiyatining kelib chiqishiga, ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishligi ta’kidlab o‘tilgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu kabi holatlarning takrorlanmasligini ta’minlash hamda aholi orasida turli ixtilof, e’tiroz va tushunmovchiliklarni keltirib chiqishining oldini olish maqsadida yurtimizda faoliyat olib borayotgan san’atkorlar va ijod vakillari bilan tushuntirish ishlari olib borish bo‘yicha ko‘rsatma berishingizni so‘raymiz , deyiladi xat so‘ngida.

Azon.uz axborot-tahliliy portali tahririyati Zo‘rTV telekanali orqali namoyish etilgan Xontaxta ko‘rsatuvining 99-sonida aktyor Tolib Hojiyev tomonidan Virtual nikoh mavzusida aytilgan askiyani Islom va musulmonlar nomiga haqorat deb biladi va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan ko‘rsatuv mehmoni, ko‘rsatuv tashkilotchilari hamda uni efirga uzatishga ijozat bergan badiiy kengashning xatti-harakatlariga O‘zbekiston qonunchiligi asosida huquqiy baho berilishini so‘raydi.

Shu bilan birgalikda, Madaniyat vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi va O‘zbekkonsert tashkiloti tomonidan o‘z vakolat doiralaridan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha qiziqchilarga tarixiy shaxslar, shuningdek, diniy va irqiy mavzular ustidan hazil-mutoyiba qilmaslik zarurligi haqida keng miqyosli tushuntirish ishlari olib borilishi maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!