Davlat dasturini takomillashtirish va xalqchilligini ta’minlashga qaratilgan Prezident Farmoni loyihasi muhokama qilindi
2025 yilning 15 yanvar kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori ofisi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmoni loyihasining xalqaro hamjamiyat bilan jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi.
Davlat dasturi loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur jamoatchilik muhokamasida 200 nafardan ortiq ekspertlar, xususan Oliy Majlis Senati a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekistondagi xorijiy diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar, vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Shuningdek, tadbirda BMT “oilasi”ga kiruvchi barcha agentliklarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari va ekspertlari (UNICEF, UNESCO, UNDP, FAO, UNFPA, UNAIDS, UNODC, ILO, WHO, UNHCR, UNECE), Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari hamda dunyoning turli chekkalaridan 30 dan ortiq xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Aytish kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qabul qilinayotgan muhim hujjatlar, ayniqsa mamlakatimizning taraqqiyotiga bevosita daxldor hisoblangan strategik hujjatlar loyihalarini tayyorlashda keng jamoatchilik, shuningdek xorijiy ekspertlar va xalqaro jamoatchilikning fikr-mulohazalarini o‘rganishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmoni loyihasining mazmun-mohiyati va unda belgilanayotgan ustuvor chora-tadbirlar hamda vazifalar haqida ma’lumot berish, “xalqaro ekspertiza”dan o‘tkazish, xususan xorijiy ekspertlarning fikr-mulohazalari va konseptual taklif, tavsiyalarini olish orqali xujjatni yanada takomillashtirish maqsadida o‘tkazildi.
Muhokamalar jarayonida Davlat dasturi loyihasida belgilanayotgan chora-tadbirlar va vazifalar bugungi globallashuv jarayonida yangi O‘zbekistonning xalq farovonligi, tinchligi, demokratiya va inson huquqlari kafolatini ta’minlaydigan erkin jamiyat va adolatli davlat qurishga qaratilgan konseptual hujjat ekanligi ta’kidlandi.
2025 yil Davlat dasturi loyihasida 295 ta amaliy chora-tadbirlar, 87 ta normativ-huquqiy hujjatlar, 269 ta maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi 2025 yil 8 yanvardan boshlab “Taraqqiyot strategiyasi” markazining maxsus www.uzbekistan2030.uz portaliga keng jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Ushbu portal orqali aholiga strategiya va Davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek har bir maqsad va ko‘rsatkichlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini qoldirish hamda takliflarini bildirish imkoniyati yaratilgan.
Tadbir so‘nggida, ushbu Farmon loyihasining bandlarida belgilanayotgan vazifalarni takomillashtirishda halqaro ekspertlarning fikr-mulohazalari almashildi.
Tadbir davomida, 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasini jamoatchilik, shu jumladan, xalqaro hamjamiyat vakillari bilan muhokama qilish orqali uni takomillashtirish, xalqchilligini ta’minlash va hujjatning xalqaro standartlarga to‘liq mos kelishini ta’minlashga qaratilgani alohida ta’kidlandi.