Dahshat! Toshkentda ota uxlab yotgan o‘g‘lini temir bolg‘a bilan o‘ldirdi

Dahshat! Toshkentda ota uxlab yotgan o‘g‘lini temir bolg‘a bilan o‘ldirdi

Ilgari ham ta’kidlaganimizdek, qarindosh-urug‘lar o‘rtasida sodir bo‘layotgan jinoyatlarga aksariyat hollarda oilaviy nizolar sabab bo‘ladi. Quyida sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqeamiz qahramonlari ham nobop oila sifatida ro‘yxatga olingan oila vakillaridir. Ota-bolaning navbatdagi janjali fojiali yakun topdi. Ota o‘z pushti kamaridan bo‘lgan o‘g‘lining umriga o‘zi nuqta qo‘ydi...

Boshiga ko‘rpani tortib, uxlab qoladi

Nazir Xudoyberdiyev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) mast holatda o‘g‘li Shavkat Xudoyberdiyev bilan janjallashib qoladi. U o‘g‘lini qasddan o‘ldirish maqsadida uning uxlab qolishini kutadi. Shavkat Xudoyberdiyev televizor tomosha qilib yotadi, birozdan keyin boshiga ko‘rpani tortib uxlab qoladi. Nazir Xudoyberdiyev esa ilgaridan tayyorlab qo‘ygan temir bolg‘ani qo‘liga olib, o‘g‘lining bosh qismiga bir necha marotaba urib, o‘z farzandini qasddan o‘ldiradi.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Shavkat Xudoyberidevning o‘limiga – bosh miya yumshoq pardasi ostiga qon quyilishi, boshning chap chakka-ensa va asos suyaklarining ko‘plab, maydalanib sinishi sabab bo‘lgan.

“O‘sha ayol bilan yashamoqchi bo‘lsang, alohida uy top...”

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi:

— Bir xonali uyda turmush o‘rtog‘im, o‘g‘lim va ikki nafar voyaga yetmagan qizim bilan istiqomat qilaman. Voqea sodir bo‘lgan kuni turmush o‘rtog‘im qizlarimni olib, Andijon viloyatida yashovchi otasining uyiga ketgandi. O‘sha kuni akamning uyiga uy yumushlariga qarashish uchun borgandim. U yerdan kechki payt uyga qaytsam, o‘g‘lim Shavkat mast holatda o‘tirgan ekan. U menga bir farzandli ayol bilan yashamoqchiligini, uni shu uyga olib kelmoqchiligini aytdi. Men unga “Uy tor, o‘zimiz tiqilib yashayapmiz, o‘sha ayol bilan yashamoqchi bo‘lsang, alohida uy top”, dedim. Shunda Shavkat sensirab, “Ha, akangni uyiga borib kelib, yana boshladingmi? O‘sha akang senga gap o‘rgatadi”, deb akamni, onamni uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qildi. O‘g‘limning meni xaqorat qilgani alam qilib, ko‘chaga chiqib, spirtli ichimlik iste’mol qildim. Uyga qaytganimda Shavkat televizor ko‘rib o‘tirardi. Men ham o‘g‘limning yoniga o‘tirib, televizor tomosha qila boshladim. Shu payt uning telefoni jiringladi. Shavkatga o‘sha ayol qo‘ng‘iroq qilib, nimanidir muhokama qilish jarayonida ular tortishib qolishdi. Shunda men o‘g‘limga “Kech bo‘ldi, baqirib gaplashma”, deb tanbeh berdim. Shavkat esa jim bo‘lishning o‘rniga, meni yana xaqorat qila boshladi. Shundan so‘ng menda uni biror narsa bilan qo‘rqitib, tinchlantirish fikri tug‘ildi. Soat taxminan 22:30 larda yuvinishi xonasida turgan bolg‘ani o‘g‘lim yotgan xonaning burchagiga olib chiqib qo‘ydim. So‘ng tashqariga chiqib, sigareta chekdim. Ichkariga qaytganimda televizorning ovozi baland qilib qo‘yilgan, o‘g‘lim esa ko‘rpachani bo‘yi barobar, boshiga tortib, uxlab yotardi. Sekingina borib, televizorni o‘chirdim, o‘g‘lim bunga e’tibor bermadi. Shundan so‘ng hojatxonaga kirib, yuz-qo‘limni yuvdim. O‘g‘lim yotgan xonaga qaytib kirib, burchakda turgan bolg‘ani qo‘limga olib, bosh tomoniga o‘tdim. Uning xaqoratlari, barcha qiliqlari ko‘z o‘ngimdan o‘tdi, shundan keyin jahl bilan bosh qismiga ikki-uch marotaba urdim. Shundan keyin bolg‘ani yuvinish xonasiga tashlab, uyni tashqaridan qulflagancha ko‘chaga chiqib ketdim. 10-15 daqiqa aylanib, o‘zimga kelganimdan keyin akamning uyiga borib, Shavkatni o‘ldirib qo‘yganimni aytdim. Akam gapimga ishonmay, men bilan birgalikda uyimga bordi. Meni uyga kirgim kelmay, kalitni akamga berdim, o‘zim ko‘chada qoldim. U ichkaridan chiqib, Shavkat o‘lib qolganini aytdi. Shundan keyin u “102” va”103”ga qo‘ng‘iroq qildi. IIB xodimlari kelib, meni o‘zlari bilan olib ketishdi. O‘g‘lim oxirgi paytlarda me’yoridan ortiq darajada spirtli ichimlikka ruju qo‘ygandi. U ilgari ham ikki marotaba ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagandi. Aslida o‘g‘limni o‘ldirish niyatim yo‘q edi, bu ishni mastligimda qildim. Hozirda qilgan ishimdan pushaymonman, bundan keyin boshqa jinoyat sodir etmaslikka va’da beraman. Shularni inobatga olib, menga yengilroq jazo tayinlashingizni so‘rayman.

Jinoyatchiga jazo tayinlandi

Nazir Xudoyberdiyev Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi. Unga JKning 97-moddasi 1-qismi bilan 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bahriddin IKRAMOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi,

Lola SHOIMOVA, jurnalist.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!