Charlz III ga toj kiydirish sanasi va marosim rejasi ma’lum bo‘ldi

Charlz III ga toj kiydirish sanasi va marosim rejasi ma’lum bo‘ldi

Britaniya monarxi Charlz III ga toj kiyish marosimi 2023 yilning may oyida bo‘lib o‘tadi, bu haqdagi ma’lumot Bukingem saroyi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Buyuk Britaniya yangi qirolining taxtga o‘tirishi munosabati bilan tantanalar uch kun - 6-8 may kunlari o‘tkaziladi.

Birinchi kuni monarxga toj kiydiriladi. Tadbir Vestminster abbatligida bo‘lib o‘tadi. 7 may kuni Vindzor qal’asi devorlari yonida jahon estradasi yulduzlari ishtirokida katta konsert, lazer va yorug‘lik shousi hamda dronlar paradi bo‘lib o‘tadi. 8 may kuni katta tadbirlar bo‘lmaydi, biroq bu kun mamlakatda dam olish kuni deb e’lon qilingan.

An’anaga ko‘ra, yangi qirolga toj kiydirish marosimi zudlik bilan o‘tkazilmaydi. Chunki tadbir juda puxta tayyorgarlikni talab qiladi. Qirolicha Yelizaveta II 1952 yil fevralda monarx bo‘lgan, lekin faqat 1953 yil iyun oyida toj kiygan edi.

So‘nggi 900 yil davomida toj kiydirish marosimi Vestminster abbatligida o‘tkazilmoqda. U yerda toj kiygan birinchi monarx Uilyam Fotih edi, Charlz esa qirqinchi bo‘ladi.

Tadbir diniy marosim shaklida o‘tkaziladi. Uning yakunida Kenterberi arxiyepiskopi Charlzning boshiga 1661 yilda sof oltindan yasalgan Avliyo Edvard tojini kiydiradi. U Londonning Tauer qal’asida saqlanadi. Monarx tojni faqat mana shu marosimda kiyadi, chunki u 2,23 kg og‘irlikka ega.

Charlzning rafiqasi Kamilla konsort-qirolicha bo‘ladi (ing. consort - «sherik, hamroh») - bu Bukingem saroyining Yelizaveta II vafotidan keyin berilgan bayonotida alohida ta’kidlangan. Vorislik tamoyiliga ko‘ra, Kamilla kelajakda taxtga da’vogarlik qila olmaydi, shu tufayli, Charlzning hamrohi, konsort-qirolicha hisoblanadi.

73 yoshli Charlz Britaniya tarixida taxtga o‘tirgan eng keksa insondir. Bungacha eng keksa qirol Uilyam IV bo‘lgan. 1830 yilda taxtga o‘tirganida u 64 yoshda edi va 71 yoshda vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 8 sentyabr kuni 96 yoshida vafot etganidan so‘ng, uning o‘g‘li, 73 yoshli shahzoda Charlz yangi qirol deb e’lon qilingan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!