Buyuk Britaniyada poliomiyelit virusi topildi

Buyuk Britaniyada poliomiyelit virusi topildi

Londonda bir necha oydan beri xavfli poliomiyelit virusi tarqalayotgani taxmin qilinmoqda, deya xabar berdi The Independent nashri.

Britaniya Sog‘liqni saqlash agentligi (UKHSA) bayonotida aytilishicha, virus fevral va may oylari orasida Londondagi Bekton kanalizasiya zavodidan olingan namunalarda topilgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, virus poytaxtning shimoli-sharqidagi «yaqin bog‘langan» shaxslar o‘rtasida tarqalishi «ehtimol». Aholiga ehtimoliy tarqalishi bo‘yicha tergov boshlandi.

Tahlil shuni ko‘rsatdiki, virus «yovvoyi turdagi» poliomiyelit emas, balki dunyoning kambag‘al qismlarida qo‘llaniladigan jonli poliomiyelitga qarshi emlashdan (VDPV2) olingan shtammning versiyasidir. Ehtimol, virus Buyuk Britaniyaga chet elda yuqoridagi vaksina bilan emlangan shaxs tomonidan kiritilgan. Undan keyin u bir oilada tarqalgan bo‘lishi mumkin.

Virusni yuqtirgan ko‘pchilik odamlarda (AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, 100 kishidan taxminan 72 tasida) ko‘rinadigan alomatlar yo‘q.

Taxminan to‘rtdan birida tomoq og‘rig‘i, isitma, charchoq, ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i va oshqozon og‘rig‘i kabi grippga o‘xshash alomatlar bo‘ladi. Ular odatda 2-5 kun davomida saqlanadi. Ozchilikdagi odamlarda (1000 tadan 1-5 tasi) miya va orqa miyaga ta’sir qiluvchi jiddiyroq alomatlar rivojlanadi, bu esa ba’zi hollarda falajga olib keladi.

Vaksinasiya aholiga yuqishining oldini olish va odamlarni himoya qilishning eng samarali vositasidir.

Buyuk Britaniyada yovvoyi poliomiyelitning oxirgi holati 1984 yilda tasdiqlangan va 2003 yilda Buyuk Britaniya virusdan xoli deb e’lon qilingan. Afg‘oniston va Pokiston bu infeksiya hali ham endemik deb tasniflangan dunyodagi yagona ikki davlatdir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!