Buxoroda 32 yil avval o‘ldirilgan ayolning qotili 60 yoshida qo‘lga olindi

Buxoroda 32 yil avval o‘ldirilgan ayolning qotili 60 yoshida qo‘lga olindi

Buxoro viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan 32 yil avval pichoqlab o‘ldirilgan ayol qotili qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, voqea 1988 yilning 5 oktyabr kuni taxminan soat 11:30 larda Buxoro shahar Pablo Neruda ko‘chasida (hozirgi Piridastgir) sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, o‘sha vaqtda 26 yosh bo‘lgan M.B. 1988 yil 5 oktyabr kuni mazkur ko‘chaning 3-uy 110-xonadonida yashaydigan, 1933 yilda tug‘ilgan ayol oldiga kelgan.

Aniqlanishicha, ayol M.B.ga uyga kirishga ruxsat bergan, uyga kirgandan so‘ng erkak ayolga jinsiy aloqa qilishni taklif qilgan. Bu vaqtda ayol unga rad javobini bergan.

Aniqlik kiritilishicha, M.B. ayolning qorin, ko‘krak qismlariga uch-to‘rt marta pichoq urgan. Xabarda aytilishicha, M.B. qotillik jinoyatini sodir etgach, jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan tilla taqinchoqlarni olib, voqea joyidan yashiringan. Viloyat IIBning xabar qilishicha, 32 yil ichida M.B. 3 marotaba qasddan qilgan jinoyatlari uchun sudlangan:

– 1993 yilda eski tahrirdagi Jinoyat kodeksining 15-81 moddasi, ya’ni qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish;

– 1996 yilda Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 2-qismi;

– 2005 yilda 169-moddaning 1-qismi, ya’ni O‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etganlikda ayblangan.

Romitan tumanining Chandir qishlog‘ida yashovchi erkak M.B.ning barmoq izlari 2020 yil sentyabr oyida viloyat IIB ekspert-kriminalistika bo‘limi tomonidan tekshirilib, tadqiqotlar natijasida ushbu jinoyat sodir bo‘lgan joydan olingan barmoq izlari bilan bir xil ekanligi oydinlashgan.

Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan ushbu jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari qayta tiklandi va olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida jinoyatni sodir etgan shaxs aybiga to‘la iqrorlik bildirib qilmishidan pushaymon ekanini bayon etgan.

Unga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!