Bulung‘urda katta yong‘in ro‘y berdi: 20ta savdo do‘konlari yonib kulga aylandi

Bulung‘urda katta yong‘in ro‘y berdi: 20ta savdo do‘konlari yonib kulga aylandi

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani "Bulung‘ur buyum savdo kompleksi" MCHJda kuni kecha, 31 avgust kuni, katta yong‘in sodir bo‘ldi. Yigirmata savdo ob’ektlari yonib ketdi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga voqeadan xabardor manba. Hozirda yong‘in bartaraf etilgan.
Telegram kanallaridan birida tarqalgan videoda olov ikki qavatli binoni qurshab olganini, hodisani telefoniga suratga olayotgan odamlar "hozir gaz ballon portlashi mumkin"ligi bois uzoqroq turish kerakligi haqida gapirishayotgani aks etgan.
Binoning yonishi 31 avgust kuni soat 23:16 da boshlangan. "Bulung‘ur buyum savdo kompleks" MCHJga qarashli ikki qavatli savdo do‘konlari yonayotgani to‘g‘risida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Ushbu holat bo‘yicha yong‘in joyiga 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan.

Voqea joyiga shuningdek, Samarqand viloyati FVB boshlig‘i va Bulung‘ur tumani FVB boshlig‘i vazifasini bajaruvchilar yetib borishgan.
Yong‘in soat 01:26 batamom o‘chirilgan.
Yong‘in elektr simining qisqa tutashuvi oqibatida kelib chiqqani taxmin qilinmoqda.
Yong‘in oqibatida 20ta do‘kon, 6ta tikuv xonasi, 2ta oshxona, 5ta oziq-ovqat do‘koni, 7ta buyum do‘koni - taxminan 680 kvadrat metr zararlanib, 1200 kvadrat metri saqlanib qolgani aytilmoqda.
Tikuv xonalarining birida tikuvchilik qilgan ayolning Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, yong‘in haqida soat 12larda xabar topgan. Hodisa joyiga yetib kelganida, birinchi qavatdagi do‘konlar egalari jonholatda o‘z tovarlarini yong‘in qurshab olgan binodan olib chiqishga urinib, o‘t o‘chirish mashinalari yuradigan yo‘laklarni chiqarilayotgan tovarlar bilan to‘sib qo‘yganliklariga guvoh bo‘lgan.

Do‘konlarning aksariyatidan tovarlarni qutqarishning iloji bo‘lmagan.
Shuningdek, yarim tunda, do‘konlar egalari o‘z tovarlarini qutqarish bilan ovora bo‘lgan bir vaqtda, yong‘inni tomosha qilishga kelganlarning ayrimlari chiqarilayotgan tovarlarni o‘g‘irlash, yoki shu joyning o‘zida ko‘chaga chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini tortinmasdan olib paqqos tushirish bilan band bo‘lganlar.
Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘ining kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar aniqlanmoqda. Ushbu xodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.

https://t.me/Samarqand_Samarkand/27899?single


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!