«Bu kasallik befarqlikni aslo kechirmaydi» — Prezident koronavirus haqida

«Bu kasallik befarqlikni aslo kechirmaydi»  — Prezident koronavirus haqida

Ayni daqiqalarda Prezident Shavkat Mirziyoyev sud qarorlari ijrosini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda.

Tadbir avvalida bugun mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat tahlil qilindi.

Jumladan, o‘tgan 8 oy mobaynida COVID-19ga qarshi kurashishda yetarli tajriba to‘plangani, tibbiyot xodimlari ham zaruriy malakaga ega bo‘lganlari ta’kidlandi.

Ma’lumki, “kasallik zanjiri”ni jiddiy nazorat qilgan holda karantin talablari bosqichma-bosqich yengillashtirildi. Ammo dunyo mamlakatlaridagi, qo‘shni davlatlardagi holatni inobatga olib, O‘zbekistonda bu kasallikka qarshi kurashishni bir daqiqaga ham to‘xtatib bo‘lmasligi, chunki xavf-xatar hali o‘tib ketmagani aytib o‘tildi.

Bugun yurtimizda ushbu virus bilan kasallanganlar soni 70 ming nafardan ortgani, tuzalganlar soni qariyb 68 ming (96 foiz), o‘lim ko‘rsatkichi 599 nafarni (0,9 foiz) tashkil etayotgani qayd etildi.

Hokimlar, sektorlar rahbarlari va sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilariga qator vazifalar yuklatildi.

Avvalo, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat doimiy ravishda jiddiy tahlil qilinishi, kerakli xulosalar chiqarilishi lozim. Xususan, haftada kamida ikki kun hududdagi pandemiyaga oid holat bilan alohida shug‘ullanib, shtab yig‘ilishi o‘tkazilishi, muntazam ravishda Respublika maxsus komissiyasiga shaxsan hisobot berilishi belgilandi.

- Yana bir marta ta’kidlayman, bu kasallik befarqlikni aslo kechirmaydi. Shu bilan birga, biz koronavirus paytida to‘plagan katta tajribamiz va olgan chuqur xulosalarimiz asosida munosib yashash va ishlashda davom etishimiz kerak, - dedi davlatimiz rahbari.
 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!