Bu 400 yilda bir marta gullaydigan Payg‘ambar gulimi?

Bu 400 yilda bir marta gullaydigan Payg‘ambar gulimi?

Menga bir necha kishi tarafidan mana shu gul va uning ostiga yozilgan izohni yuborib shunga izoh berishimni so‘rashmoqda. U yerda yozilishicha, bu gul payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning guli bo‘lib, Himolay tog‘ida o‘sar ekan, 400 yilda bir marta gullar emish va ilgari buning gulini hech kim ko‘rmagan va keyingi gullashi 2419 yilda sodir bo‘lar ekan. Xo‘sh, rostdan ham shundaymi?

Bu gul aslida kaktusdoshlar oilasi mansub karnegiya (Carnegiea) turkumining yagona vakili bo‘lgan gigant karnegiya (Carnegiea gigantea) dir. Uning saguaro degan nomi ham bor. Bu kaktus Shimoliy Amerikadagi Sonora cho‘li endemik, relikt turi bo‘lib, AQSh ning Kaliforniya, Arizona shtatlari hududida uchraydi.

Bu kaktusning Himolayga yoki Muhammad alayhissalomga hech qanday bog‘liqlik joyi yo‘q. Aslida bu mish-mish 2019 yilning sentyabr oyida urchiy boshlagan edi. O‘shanda bu rasm tarqatilib, unga «bu o‘simlik Himolaydagi 400 yilda bir gullaydigan tinchlik guli» degan izoh biriktirilgan edi.

Dastlabki mish-mish manbasida Muhammad s.a.v. haqida hech qanday gap yo‘q edi. Bu gap keyinroq rasm musulmon o‘lkalarida tarqay boshlagach qo‘shilgan bo‘lsa kerak. Sizlar ko‘rgan rasm esa dastlab Arizona tabiati haqida xabar beradigan saytlardan birida chop etilgan edi.

Gigant karnegiya dunyo bo‘yicha faqat Sonora cho‘lida daraxt ko‘rinishida o‘sadigan kaktuslar bo‘lib, juda ham noyob o‘simlik hisoblanadi. Ularni qo‘riqlash bo‘yicha maxsus qonunlar mavjud bo‘lib, ularga zarar yetkazgan odam katta jarima to‘lashi va hatto qamalishi ham mumkin. Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

Saguaro bo‘yi 3-16 metrga yetadigan daraxt ko‘rinishida o‘sadi, 150 yil atrofida yashaydi. Poyasining diametri 75 sm gacha boradigan darajada qalin bo‘ladi.

Gullari siz rasmda ko‘rganingizdek oq rangda bo‘ladi. Ular 400 yilda bir emas, aksincha, har yili apreldan iyun oyigacha bo‘lgan muddat oralig‘ida gullaydi. Odatda quyosh botgandan so‘ng ochilib, ertasiga kun yarmigacha turadi. Gullari boshqa kaktuslarniki kabi bir sutka davomida ochilib turadi, xolos.

Gullari 8-12 sm atrofida bo‘ladi, Siz ko‘rgan rasmda ular juda kattadek taassurot qoldirgan bo‘lsa, bu faqatgina rasmga olishdagi fotoapparatning shunday rakursda suratga tushirganidan, xolos.

E’tibor bersangiz gul yerda emas, aynan kaktus poyasi uchida turibdi, uning tikanlari ham ko‘rinib turibdi. Gullari asalshira, nektarga boy bo‘lgani uchun ko‘plab changlatuvchilar uning gullashini kutib turishadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki, ushbu gul ham boshqa o‘simliklar kabi oddiy o‘simlik. O‘z miyangizni o‘zingiz asrang, turli yolg‘on va mish-mishlarga ishonib, aldanib qolmang.

Baxtiyor Sheraliyev, biolog


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!