Bryusseldan munosabat: O‘zbekiston butun dunyodan folklorshunoslar va sayyohlarni bir joyga jamlaydi

Bryusseldan munosabat: O‘zbekiston butun dunyodan folklorshunoslar va sayyohlarni bir joyga jamlaydi

Evropa geosiyosat forumi saytida "O‘zbekiston may oyida butun dunyodan folklorshunoslar va sayyohlarni bir joyga jamlaydi" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Unda joriy yilning 1-7 may kunlari Boysun tumani "Bibishirin" mahallasida joylashgan turizm majmuasida "Boysun bahori" xalqaro folklor festivali o‘tkazilishi ma’lum qilingan. Bugungi kunda dunyo turistlarini o‘z bag‘riga chorlayotgan ko‘hna Boysunda xalqaro festivalga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ta’kidlanganidek, festivalning birinchi kunida Termiz shahrida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Xalq amaliy san’ati festivali dasturidan, shuningdek, milliy taomlar va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi, viloyat folklor jamoalarining konsert dasturlari, havo sharlarini uchirish, dronlar shousi ham o‘rin olgan.

"Yurtimiz azaldan o‘zining betakror milliy san’ati, qadriyat va an’analari bilan mashhur. Xalqimiz asrlar davomida saqlab kelayotgan bunyodkorlik va san’at namunalarini yanada keng targ‘ib etish, dunyo xalqlarining ular bilan yaqindan tanishishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Shu tariqa, uni yanada jozibali qilish, mahalliy aholi va xorijlik mehmonlarga bayramona kayfiyat ulashish, shuningdek, vohaning turizm salohiyatini oshirish maqsadida mazkur xalqaro festivalni o‘tkazishni rejalashtirganmiz, – deya Surxondaryo viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev fikrlaridan iqtibos keltirgan manba.

Maqola yakunida "Hozirgi kunga qadar xalqaro tanlovda Buyuk Britaniya, Belgiya, Isroil, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Ruminiya, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston kabi davlatlarning taniqli folklor ansambllari ishtirok etish istagini bildirgan", – deb yozgan portal.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!