Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish lozimligini ta’kidladi

Bugun, 19 iyul kuni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi mas’ul xodimi, prokuratura organlarining barcha tezkor xodimlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti, Majburiy ijro byurosi rahbariyati hamda ularning hududiy boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan hay’at majlisida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2024 yilning 1-yarmidagi faoliyati natijalari ko‘rib chiqildi.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan hay’at majlisida Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev ma’ruza qilib, joriy yil o‘tgan davrida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan xato - kamchiliklarga birma - bir to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, prokuratura organlarining bugungi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni, jumladan yangi tahrirdagi Konstitusiya talablarining to‘liq va so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan.
Umuman, fuqarolar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, Konstitusiya va qonunlarni muhofaza qilish borasida prokuratura organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi so‘zsiz bajarilishi zarurligi belgilandi.
Ta’kidlanishicha, 2024 yilning 6 oyida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 102 mingga yaqin nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 236 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.
Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilganligi aniqlangan 1,8 trln. so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, muhtoj oilalarni, yoshlar va xotin - qizlarni har tomonlama qo‘llab - quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Madaniy meros ob’ektlarini asrash, turizm va sportni rivojlantirish, tabiatni muhofaza qilishga doir vazifalar ijrosi ustdan nazorat kuchaytirilgan.
Birgina, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilib, bevosita prokurorlar tomonidan 420 ming tupdan ziyod daraxt ekildi hamda Respublikamizning barcha hududlarida “Prokuror bog‘lari” barpo etilmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab - quvvatlash, qulay biznes muhitini yaratish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investisiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, qariyb 8 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 15 ming nafardan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan.
Byudjet daromadlari bashorati ijrosini so‘zsiz bajarish va qo‘shimcha manbalarni jalb qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilgan.
Byudjet tushumlari prognozi ijrosi yuzasidan kundalik nazorat o‘rnatilib, 84,2 trln. so‘mlik reja 85,7 trln. so‘mga yoki 102 foizga bajarilishi hamda byudjetga qo‘shimcha 9,6 trln. so‘mlik tushumlar tushirilishi ta’minlangan.
Hay’at yig‘ilishida prokurorlar tomonidan dolzarb yo‘nalishlarda, jumladan yoqilg‘i - energetika, qurilish, kuz - qish mavsumiga tayyorgarlik kabi sohalarda amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar alohida o‘rin egalladi.
Xususan, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida prokuratura organlari aralashuvi natijasida ko‘plab muammolar bartaraf etilishiga erishilgan.
Yoqilg‘i - energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan qariyb 50 mingta reyd tadbirlari davomida, 48 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 217 mlrd. so‘m zarar undirilgan.
Umuman, hay’at yig‘ilishida asosiy e’tibor prokuratura organlarining joriy yildagi faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, xato va nuqsonlar, ularni bartaraf etish choralari hamda galdagi dolzarb vazifalarga qaratildi.
Hay’at majlisida mas’ullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berildi.
Barcha xodimlar xotirjamlikka berilmasdan, yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli va so‘zsiz ijro etishlari, tashabbuskor va fidoyi bo‘lishlari shartligi qat’iy belgilandi.
Muhokama natijasiga ko‘ra, faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga tegishli choralar ko‘rildi.
Hay’atda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.