Bosar-tusarini bilmagan haydovchi katta jarimaga tushdi
Buxoro markaziy ko‘chalaridan birida ko‘zgusimon va qoraytirilgan oynali, shuningdek, tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositasidan ruxsatsiz foydalangani yetmaganday, ogohlantirishlarga qaramay, ketma-ket qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan haydovchiga chora ko‘rildi.
Buxoro viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati boshlig‘i kapitan Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, haydovchi O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining bir nechta moddalari bilan javobgar, deb topilgan va 9,5 million so‘m jarimaga tortilgan.
Holatga ko‘ra, «Lacetti» rusumli 80 F 212 SA davlat raqam belgili transport vositasi belgilangan qoidalarga amal qilmay, o‘ziga tegishli bo‘lgan davlat raqam belgisini yechgan holda harakatlangan. Yo‘l patrul xizmati inspektori tomonidan to‘xtash ishorasi ko‘rsatilgan. Lekin haydovchi to‘xtash ishorasiga bo‘ysinmay, orqaga qaytgan va oqimga qarama-qarshi harakatlangan. U ushbu xatti-harakati davomida navbatdagi yo‘l patrul xizmati inspektorining ham ishorasiga bo‘ysinmasdan bepisandlik qilgan. Shu holatda boshqa bir «Spark» avtoashinasiga texnik shikast yetkazib, navbatdagi qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa-da, yana harakatdan to‘xtatmagan.
Yo‘l patrul xizmati xodimlarining olib borilgan tezkor harakati esa «uchar» haydovchini to‘xtashga majbur qilgan. Bu kabi qo‘pol qoidabuzarlik holatini sodir etgan haydovchi bilan voqea joyining o‘zida yuzlanilgan.
«Inspektorlarning ogohlantiruviga qaramasdan, to‘xtash ishorasini mensimasdan bir qoidabuzarlik ustiga keyingi qoidabuzarlikni sodir etib, oqimga qarama-qarshi harakatlangan haydovchiga nisbatan chora qo‘llanildi. U ikki-uch daqiqa davomidagi o‘ta qo‘pol beboshligi oqibatida 9,5 million so‘m jarimaga tortildi. Bu yerda gap jarimada emas, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘yib, ustiga ustak inspektor xodimlariga bepisand qaragan haydovchining qiliqlarini oqlab bo‘lmaydi. Har bir sodir etilgan holatning oqibatii o‘ylaylik. Harakatingiz o‘zingizga teskari ishlasa, bu bizga hech qachon foyda bermaydi», — dedi Ulug‘bek Shukurlayev.