BMT: Yordam mablag‘larini yanada qisqartirish Yevropa Ittifoqi uchun xato bo‘ladi
BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) rahbari va Belgiyaning sobiq bosh vaziri Aleksandr de Kroning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi xalqaro yordam dasturlarini moliyalashtirishni yanada qisqartirsa, bu jiddiy strategik xato bo‘ladi.
U Euractiv portaliga bergan intervyusida yevropaliklar qiladigan eng katta xato dunyoning qolgan qismidan yuz o‘girish bo‘lishini ta’kidladi.
De Kroning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa global inqirozlarni faqat ular yuzaga kelganidan keyin emas, balki «proaktiv» rivojlanish dasturlari orqali oldini olishga harakat qilishi va xalqaro jarayonlarda yanada faol ishtirok etishi lozim.
Uning fikricha, aks holda Yevropa mamlakatlari bir inqiroz ortidan ikkinchisini bartaraf etish uchun ancha katta moliyaviy va siyosiy xarajatlarga duch keladi.
Shuningdek, Aleksandr de Kro AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyati qisqarganidan keyin xalqaro yordam tizimida muayyan «bo‘shliq» yuzaga kelganini qayd etdi. Uning aytishicha, ushbu bo‘shliqni Yevropa Ittifoqi institutlari va a’zo davlatlar birgalikda to‘ldirishi mumkin.
