Bir uyda yashab ham aliment undirish mumkinmi?
— O‘tgan yili kelinim ajrashishga ariza bergan. Lekin ikkita bolasi bilan hali ham kelin bo‘lib tushgan hovlisida yashayapti. Kimdir o‘rgatganmi bilmayman, ukam bilan bir uyda yashab turib alimentga berdi. Aksiga olib ukamni ishi yurishmay, alimentdan qarz bo‘lib qoldi. O‘tgan hafta esa qarzi ko‘payib ketgani uchun 15 sutkaga qamab qo‘yishdi. Bir uyda birga yashab turib shunday ishlarni qilish mumkinmi? Ukam endi qamalgan hisoblanadimi?
Ismi sir tutildi
Axror Sulaymonov, Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi:
— Amaldagi Oila qonunchiligiga asosan, (Oila kodeksi 96-97-moddalari) ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Shunday ekan, er yoki xotin bir uyda yashashidan qat’iy nazar, voyaga yetmagan bolaning manfaatini hisobga olib, aliment to‘lash majburiyatidan ozod qilinmaydi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-5-moddasiga ko‘ra, voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-onani yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashi, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, — o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu holatda, ukangiz ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan shaxs hisoblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan hisoblanmaydi.
Biroq, agar keyinchalik ham ukangiz aliment majburiyatini bajarmay, sudning qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamasa, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, u holda u Jinoyat kodeksining 122-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikka tortilishi, ya’ni ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
