Belorus hukumati hibsga olingan namoyishchilarni qo‘yib yubormoqda va ulardan uzr so‘radi

Belorus hukumati hibsga olingan namoyishchilarni qo‘yib yubormoqda va ulardan uzr so‘radi

13 avgust payshanba kuni Belorusiya hukumati hibsga olingan minglab namoyishchilarni qo‘yib yuborishni boshladi va ommadan kechirim so‘radi.

Hukumat bu ishni namoyishlarni to‘xtatish uchun amalga oshirmoqda. Prezidentlik saylovlaridan keyin yuzaga kelgan ushbu namoyishlar mamlakatni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenkoning rahbarlik faoliyatidagi eng katta muammoga aylandi.

Ozod qilingan ba’zi namoyishchilarning badanlari momataloq bo‘lib ketgandi. Ular qamoqxonada o‘zlariga yaxshi munosabatda bo‘linmaganidan shikoyat qilishdi. Lekin, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Barsukov hibsdagilarning tahqirlanganini rad etdi va qamoqxonalardagi barcha namoyishchilar juma kuni ertalabgacha ozod qilinishini ma’lum qildi.

Belorusiyada yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarning natijasidan darg‘azab bo‘lgan aholi ko‘chaga otildi. Bu namoyishlarda kamida ikki kishi vafot etdi va 6700 nafarga yaqin odam hibsga olindi. Belarus hukumatining bu ishi G‘arb davlatlarini bu mamlakatga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llash haqida o‘ylashga majbur qilmoqda.

“Men javobgarlikni o‘z bo‘ynimga olaman va namoyishlarda jarohat olgan odamlardan uzr so‘rayman” deydi Ichki ishlar vaziri Yuriy Karayev.

Namoyishchilar Lukashenkoni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga adolatsiz yo‘llar bilan aralashganlikda ayblashmoqda. Lukashenkoning o‘zi esa ushbu namoyishlarga xorij mamlakatlari Belorusiyaning barqarorligini yo‘qotish yo‘lida aralashishayotganligini aytib, namoyishchilarning yangidan saylov o‘tkazish yoki iste’fo berish haqidagi talablarini rad etdi va ularni jinoyatchilar hamda ishsizlar deb atadi.

Lekin, Lukashenkoning tarafdori bo‘lgan milliy davlat qo‘mitasi rahbari Natalya Kochanovaning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenko hukumatga namoyishchilarni hibsga olishni qaytadan o‘ylab ko‘rishni buyurgan.

“Biz urushmaymiz, bizga urush kerak emas” deydi Kocharova.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!