Belarus: Ukraina tomonidan hujum tayyorlanayotgani haqida alomatlar yo‘q
Belarus mudofaa vaziri Viktor Xrenin mamlakat atrofidagi harbiy-siyosiy vaziyat barqarorligicha qolayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Belarus harbiylari hozircha NATO yoki qo‘shni Ukraina tomonidan sezilarli harbiy faollikni kuzatmayapti.
«Biz hech qanday tahdid, keskinlik yoki kutilmagan hujumga tayyorgarlik alomatlarini ko‘rmayapmiz», — dedi Xrenin.
Vazirning ta’kidlashicha, qo‘shni davlatlarda NATOning cheklangan miqyosdagi mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda, ammo Ukraina tomonidan tajovuzkor harakatlarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ko‘rsatuvchi belgilar mavjud emas.
Xrenin ommaviy axborot vositalarida turli taxminlar bildirilayotganini qayd etib, Ukraina uchun ham Belarus chegarasida keskinlik yuzaga keltirish manfaatli emasligini aytdi.
Shu bilan birga, u Belarus Mudofaa vazirligi janubiy chegarada xavfsizlik choralarini saqlab qolayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus operasiya kuchlarining minimal tarkibi chegara hududlarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida chegarachilar bilan hamkorlikda xizmat qilmoqda.
«Eng muhimi, biz har qanday kutilmagan vaziyatga tayyor bo‘lishimiz kerak. Shu bois janubiy chegarada qo‘shinlarning minimal tarkibini saqlab turibmiz», — dedi Belarus mudofaa vaziri.
