BAAdagi O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarni xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirdi
Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga muhim ogohlantirish e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, mintaqadagi vaziyatning keskinlashuvi hamda havo hududidan, jumladan BAA hududidan foydalanishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgani sababli yaqin kunlarda O‘zbekiston aviakompaniyalarining Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlarga muntazam reyslari vaqtincha to‘xtatilgan.
Shu munosabat bilan BAAdagi O‘zbekiston fuqarolariga aviatashuvchilarning reyslar holati bo‘yicha rasmiy xabarlarini muntazam kuzatib borish, shuningdek jadvaldagi ehtimoliy o‘zgarish va tuzatishlarni inobatga olish tavsiya etildi.
Shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida fuqarolarga:
— imkon qadar odamlar gavjum joylardan uzoqroq bo‘lish;
— harbiy va boshqa strategik ob’ektlarga yaqinlashmaslik;
— BAA vakolatli organlarining talab va tavsiyalariga qat’iy rioya qilish;
— xotirjamlikni saqlash hamda faqat rasmiy manbalarga tayanish tavsiya qilindi.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarni ulashmaslik qat’iy so‘ralgan.
Favqulodda vaziyat yuzaga kelganda O‘zbekiston Respublikasining Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi ishonch telefonlariga murojaat qilish mumkin:
+971 55 986 9040
+971 55 956 4110
Diplomatik vakolatxonalar vaziyat rivojini kuzatishda davom etayotgani va zarurat tug‘ilganda fuqarolarga qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.
