Aybsizlik prezumpsiyasi — tuhmat va gumondan himoyalanish kafolati
Jahon tajribasida deyarli barcha mamlakatlar qonunchiligida aybsizlik prezumpsiyasi (aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, u aybsiz hisoblanadi va aybsizligini isbotlab berishi shart emas) mavjud.
Aybsizlik prezumpsiyasi umumhuquqiy norma bo‘lib, unga amal qilish jinoyat prosessining barcha bosqichlarida ustuvor hisoblanadi. U jinoyat prosessida shaxs huquqlarini himoya qilishning eng muhim kafolatlaridan biridir.
Shu o‘rinda qayd etish joiz, aybsizlik prezumpsiyasi — bu insoniyat sivilizasiyasi tarixidagi shaxs huquqlariga oid eng buyuk kafolatdir. Boisi, aynan ushbu prinsipga muvofiq, shaxs uning aybi sudning hukmi bilan aniqlanguniga qadar aybsiz hisoblanadi.
Konstitusiyaning avvalgi 26-moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi belgilangan. Shuningdek, Jinoyat-prosessual kodeksida, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa bir qator hujjatlarda aybsizlik prezumpsiyasining qoidalari keltirilgan.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyada aybsizlik prezumpsiyasining barcha jihatlari to‘liq o‘z ifodasini topgani e’tiborga molik. Shu o‘rinda yangilangan Konstitusiyada aybsizlik prezumpsiyasi qanday ifodalandi?, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy.
Bosh Qomusimizda aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi belgilandi. Ushbu norma to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qoida bo‘lib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni ta’minlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.
Agar qamoq ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qo‘llanilishi amaliyotini misol qiladigan bo‘lsak, sudlar tomonidan olingan ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, 2022 yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 118 ta iltimosnomadan 23 503 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 485 tasi rad etilgan. 2023 yilning birinchi yarim yilligida esa 10 714 ta iltimosnomadan 10 379 tasi qanoatlantirilgan bo‘lib, 335 tasi rad etilgan. Bunda sudlar tomonidan 2022 yilda 485 nafar, 2023 yilning birinchi yarim yilligida esa 335 nafar shaxsga nisbatan asossiz ravishda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishining oldi olingan.
Asosiy qonunimizda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi mustahkamlandi, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilandi. Bu qoidalarning Konstitusiyada belgilanishi jinoiy ta’qib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qo‘llanishini oldini olishga xizmat qiladi.
Zero, ushbu norma aybsizlik prezumpsiyasi prinsipining muhim kafolatidir. Konstitusiyaga kiritilgan mazkur insonparvar qoidaga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha har qanday dalillarga nisbatan shubha paydo bo‘lsa, bunday shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi zarur.
Yana bir muhim norma — agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlandi. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.
Qayd etish kerakki, aybsizlik prezumpsiyasi har bir shaxsning aybi sudda isbotlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi tamoyilidir. Yurtimizda jinoyat sodir etishda ayblanayotgan yoki gumon qilinayotgan fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatiladi. Bu ularga sud jarayonlarida o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha malakali maslahat va yordam olish imkonini beradi.
Sir emaski, sud majlislari ochiq o‘tkaziladi, ayblanuvchi himoyalanish, guvohlarni jalb qilish va o‘z foydasiga dalillar taqdim etish huquqiga ega. Bu adolatli sud muhokamasiga va aybsizlik prezumpsiyasi tamoyilining ta’minlanishiga xizmat qiladi. Aybsizlik prezumpsiyasining Konstitusiya bilan mustahkamlanishi esa sudlanayotgan fuqarolarning umuminsoniy huquqlarga rioya etilishi va tergov jarayonlaridagi muhim insonparvar qoidalar joriy qilinishini kafolatlaydi.
Umuman olganda, aybsizlik prezumpsiyasi shaxs huquqlari, qonuniylik va barqarorlikning muhim konstitusiyaviy kafolati bo‘lib, u bebaho axloqiy mohiyatga va muhim huquqiy oqibatga egadir. Aynan mazkur konstitusiyaviy kafolatga ko‘ra, u yoki bu jamiyatdagi demokratiya, insonparvarlik va adolat darajasiga baho berish mumkin.
Farhod ASHMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
