Atopik dermatit bronxial astmaning ilk belgisi bo‘lishi mumkin

Atopik dermatit bronxial astmaning ilk belgisi bo‘lishi mumkin

Tahlillarga ko‘ra, dunyoda har to‘rt nafar boladan biri atopik dermatitdan aziyat chekadi. Chaqaloqlarda uchraydigan teri toshmalarining 85 foizgacha qismi aynan ushbu xastalik alomatidir. Qolaversa, qizlarda bu dard o‘g‘il bolalarga nisbatan 1,5 baravar ko‘proq qayd etilishi o‘z isbotini topgan.

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya, venerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy markazi tadqiqotchisi Gulmira Razikova bilan ushbu xastalikning kelib chiqish sabablari, asosiy belgilari va davo muolajalari xususida suhbatlashdik.

— Atopik dermatitning yana bir xalqona nomi — teri astmasi, — deydi mutaxassis. — U chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida ko‘p uchraydi. Ushbu surunkali kasallikda tananing turli qismlarida toshma va qizarish bilan kechadigan yallig‘lanish o‘choqlari paydo bo‘ladi.

📌 Kichkintoylarda atopik dermatit odatda 2-3 oyligidan rivojlanadi va 3-4 yil ichida yo‘qolib ketadi. Ba’zi hollarda esa toshmalar umr bo‘yi saqlanib qolishi ham mumkin.

❗️Atopik dermatit teri kasalligi emas, balki bola ichki organizmi faoliyatidagi buzilishlar belgisidir.

‼️Kichkintoylarda bu xastalik kelib chiqishining asosiy sababi oziq-ovqat allergiyasi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, nafas yo‘llari orqali tanaga kirgan allergenlar ham toshmalarni paydo qiladi.

✅ Bu kasallikning asosiy alomati — qichishish. U uyquga va bemor bolaning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, asabiylik hamda jizzakilikni keltirib chiqaradi.

Toshmalar kasallik darajasiga qarab turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. O‘tkir bosqichda ular yorqin qizil rangga kirib, yallig‘lanish joyiga qon to‘planishi tufayli mayda shishlar hosil bo‘ladi.

✅ Xastalikning yengil va o‘rta bosqichlarida esa toshmalar och qizg‘ish tusda namoyon bo‘ladi. Ular quruq bo‘lishi hisobiga tez to‘kilib tushadi. Toshmalarning ko‘payishi esa aksariyat hollarda terining kiyimga ishqalanishi oqibatida yuz beradi.

Bunday yara-chaqalar chaqaloqlarda asosan bosh, bo‘yin va ko‘krak sohalarida, bolalar va o‘spirinlarda esa tirsak va tizza orqasida hamda boshqa tana a’zolarida ko‘p uchraydi.

✅ Yosh bolalardagi atopik dermatit, odatda, bir qator allergik kasalliklar, shu jumladan, oziq-ovqat sezgirligi, rinit va astmaning ilk alomati sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.

📌 Toshmalar sovuq kunlarda ko‘payib, issiq mavsum boshlanishi bilan sezilarli darajada kamayishi kuzatiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!