Artel kompaniyasi rahbari: “Yoshlar Oksana Chusovitinaning hayoti va faoliyatidan motivasiya olish kerak”

2021 yilning 11 avgust kuni Artel, AKFA Group, Texnopark kompaniyalarining Visitor Center (ko‘rgazmalar zali)da Tokiodagi Olimpiyada o‘yinlarida ishtirok etgan bir guruh sportchilar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv sportchilarimizning qahramonliklarini e’tirof etish, ularni yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish uchun tashkil etildi. Uchrashuvning Artel, AKFA Group, Texnopark kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan yangi ko‘rgazmalar zalida o‘tkazilishida ham ramziy ma’no bor. Chunki, bu yerda o‘zbek brendi ostida chiqarilgan mahsulotlarning ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Bugun ushbu mahsulotlar orqali kompaniyalarimiz dunyo bozorining o‘ziga xos shohsupasini zabt etish yo‘lidan bormoqda.
- Ba’zi sportchilarimizga ma’lum sabablarga ko‘ra Olimpiyada o‘yinlarida medal olish nasib etmadi. Artel va AKFA Group kompaniyalari aynan o‘sha sportchilarni ham chaqirib rag‘batlantirishi meni quvontirdi. Negaki, sportchiga bildirilgan ishonch uning olg‘a intilishida katta kuch beradi, deydi 32-yozgi Olimpiyada o‘yinlarining oltin medali sohibi Bahodir Jalolov.
Ta’kidlash kerak, Artel va AKFA Group kompaniyalari doim sport musobaqalariga homiylik qilib keladi. Jumladan, Artel kompaniyasi shu yilning aprel oyida kattalar va may oyida yoshlar o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo va Jahon chempionatlariga homiylik qilgan edi. O‘z navbatida AKFA Group kompaniyasi 2021 yilning yanvar va may oylarida “Men G’olib” harbiy-vatanparvarlik musobaqalariga homiylik qilgan edi.
Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etgan va o‘zining sportdagi faoliyati bilan xalqimiz qalbidan joy olgan Olimpiyadachilarimiz bilan bo‘lgan uchrashuvda kompaniyalar rahbarlari Shohruh Ro‘ziqulov va Kamron G‘ulomovlar ularni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor ekanini bildirdi.
Jumladan, Artel kompaniyasining boshqaruv raisi Shohruh Ro‘ziqulov:
— Afsonaviy sportchimiz Oksana Chusovitinaning matonatli chiqishlarini eslab o‘tish shart. Negaki, aynan Oksana Chusovitina sportchilarimizning qanday kuch-qudratga ega ekani, ularning jasorati va matonatining yaqqol misolidir.
Olimpiada o‘yinlari tarixida sakkizinchi bor ishtirok etib, rekordini yangilagan sportchimiz hayotida ham, sport maydonida ham doim baland to‘siqlardan sakrab o‘tishni san’at darajasida bizga namoyish etib keldi. Agar mendan yoshlar motivasiyani kimdan va qayerdan o‘rganishi kerak deb so‘rashsa, Oksana Chusovitinaning hayoti hamda faoliyati bilan tanishib chiqishni maslahat bergan bo‘lardim, — deya aytib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuvda dunyoning eng kuchli sportchilari qatnashgan musobaqada yetakchi o‘rinlarni qo‘lga kiritib, mamlakat sharafini munosib himoya qilish — haqiqiy qahramonlik, ekani ta’kidlandi.
— Olimpiya o‘yinlari eng yaxshi sportchilar uchun ulkan musobaqalar bayrami hisoblanadi. Tokiodagi kabi musobaqalar uzoq vaqt insonlar yodidan chiqmaydi. Ularga tayyorgarlik nafaqat pandemiya tufayli noaniq rejimda o‘tkazildi. Buning oqibatida sportchilar eng kuchli motivasiya beradigan muxlislar olqishidan bebahra qoldi. Ular bo‘sh tribunalar oldida bellashishga majbur edi. Bu jihatdan ham ushbu musobaqa avvalgilaridan tubdan farq qilgani shubhasiz, — dedi AKFA Group kompaniyasi bosh direktori Kamran G‘ulomov. — Siz dunyoning eng yaxshi sportchisi maqomi uchun sharaf bilan kurashdingiz va Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasini munosib himoya qildingiz. Ko‘plab sportchilar Olimpiya chempioni unvonini orzu qiladi. Biz sportchilarimiz bu nomga munosiblar qatoridan joy olganidan xursandmiz.
Qolaversa, Miraziz Mirzaxalilov va Tursunoy Rahimovalar ham oltin medalga munosib ekani aytildi. Sabina Toshkenboyeva ma’lum sabab tufayli musobaqalarda qatnasha olmadi. Mazkur uchrashuvda esa uning onasi ishtirok etib, kompaniyalar rahbariyatiga ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv so‘ngida ishtirokchilar sportchilar sharafiga yozilgan bayramona dasturxon atrofida samimiy suhbat qurdi. Unda sportchilar erishgan yutuqlari, Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritguncha bo‘lgan mashaqqatli yo‘li, musobaqalardan olgan taassurotlari haqida so‘zlab berdi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning avgust oyida Artel va AKFA Group kompaniyalar Toshkentda ilk bor Visitors Center ochgan edi. U o‘ziga xos texnologiya markazi bo‘lib, tashrif buyuruvchilar bir joyning o‘zida kompaniyalarning faoliyati bilan interaktiv formatda tanishishi mumkin. Aytish kerak, bu Markaziy Osiyodagi yirik ko‘rgazmalar zallaridan biri hisoblanadi.