Aroqchi «tajovuzkorlarga saboq berilishini» va’da qildi
Eron tashqi ishlar vaziri Eronga qarshi urush sababsiz va noqonuniy ekanini bildirdi.
«Netanyaxu va Trampning Eronga qarshi urushi to‘liq sababsiz, noqonuniy va legitim emas», — deb yozdi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
«Tramp “Amerika birinchi o‘rinda” shiorini “Isroil birinchi o‘rinda”ga aylantirdi, bu esa har doim “Amerika oxirgi o‘rinda” degani», — deya qo‘shimcha qildi u.
«Qudratli qurolli kuchlarimiz bu kunga tayyor va tajovuzkorlarga munosib saboq beradi», — dedi Eron TIV rahbari.
Shuningdek, e’londa Donald Trampning 2012 yildagi bayonoti skrinshoti ham joylashtirilgan. Unda shunday deyilgan: «Obamaning reytinglari keskin tushib borayotgan bir paytda, uning Liviya yoki Eronga zarba berishini kuzating. U umidsiz ahvolda».
Bugungi AQSH–Isroil zarbalari vaqti yadroviy muzokaralarning yangi bosqichi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Hamid G‘anbari buni Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida «juda tashvishli holat» deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaqt tanlanishi «ishonchga putur yetkazadi va tinch yechimga sodiqlik borasida jiddiy shubhalar uyg‘otadi».
G‘anbari Eron o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini ham ta’kidladi. Shuningdek, u hozirgi harbiy keskinlashuv oqibatida yuzaga kelgan har qanday gumanitar yo‘qotishlardan afsusda ekanini bildirdi.
IRNA agentligi xabariga ko‘ra, Eronning janubidagi Minab shahrida qizlar boshlang‘ich maktabiga Isroil tomonidan amalga oshirilgan hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni 51 nafarga yetgan. Yana 60 kishi jarohat olgan.
Shahar rasmiysi Muhammad Radmehrning aytishicha, Isroil ertalab maktabga «bevosita zarba bergan». Uning ma’lum qilishicha, zarba paytida binoda 170 nafar o‘quvchi qiz bo‘lgan. Qutqaruv ishlari davom etayotgani sababli qurbonlar soni yana ortishi mumkin.
