Armanistonda saylov oldidan ommaviy hibsga olishlar boshlandi

Armaniston korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida sakkiz kishi saylov uchun pora berish va olish, shuningdek, saylovoldi davrida xayriya qilish taqiqini buzganlikda gumonlanib, qo‘lga olindi.
Bu haqda Armaniston OAVlari xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida saylovoldi tashviqoti ishtirokchilari va ularning sheriklari ham bor. Tekshiruv doirasida ikki siyosiy kuch idoralari, shuningdek, bir qator shaxslarning xonadonlarida tintuvlar o‘tkazildi.
"Tintuvlar chog‘ida tergov uchun ahamiyatli bo‘lgan hujjatlar, jumladan, fuqarolarning pasport ma’lumotlari ro‘yxati va qo‘lda yozilgan yozuvlar olib qo‘yildi. Qo‘lga olinganlardan 3 nafari yuqorida qayd etilgan epizodlarga iqror bo‘ldi", — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hibsga olinganlarning ikki nafariga nisbatan chetga chiqmaslik to‘g‘risida yozma ravishda ehtiyot chorasi tanlangan. Qolgan 6 nafar ayblanuvchiga nisbatan ma’muriy nazoratga olish to‘g‘risida iltimosnoma kiritildi.
Gyumri oqsoqollar kengashiga muddatidan oldin saylovlar 30 martga belgilangan. Avvalroq Armanistonda “Ona Armaniston” muxolifat blokining 12 nafar tarafdori hibsga olingani xabar qilingandi. Hibsga olingan blok faollaridan biri Emmak Grigoryan ozod etildi.