AQSHGA ISHGA YUBORISh NARXI 6.500 AQSh DOLLARIMI?

AQSHGA ISHGA YUBORISh NARXI 6.500 AQSh DOLLARIMI?

“Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi” deyishadi. Biroq muqaddam ikki marotaba “giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar” va “firibgarlik” jinoyatlarini sodir qilgani uchun sudlangan 38 yoshli erkak o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi...

Sudlanuvchi bu gal o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritishni maqsad qiladi. U bir fuqaroga o‘zini Uchtepa tumanida joylashgan o‘quv markazi rahbari deb tanishtiradi. Mazkur jamiyatga rasmiy ravishda ishga qabul qilgan holatda fuqaroni qonuniy tarzda Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishini aytib ishontiradi. Evaziga o‘sha vaqtning o‘zidayoq 6.500 AQSh dollarini qo‘lga kiritadi. Amalda esa bergan va’dasini bajarmasdan pullarni shaxsiy ehtiyojlari yo‘lida sarflab yuborgan.
U jinoiy harakatlarini davom ettirib, o‘sha kunning o‘zidayoq yana bir fuqaroni yuqoridagi “ssenariy” asosida chuv tushirib, yana 6.500 AQSh dollariga ega bo‘lgan.
— Avval turizim sohasida faoliyat ko‘rsatganman. Bir shaxs menga qo‘ng‘iroq qilib, “raqamingizni falon shaxsdan olgandim”, deya qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanishim haqida so‘radi, aytib o‘tdim. Shunda u ukasi borligini, uni AQShga yubormoqchi ekanini, shu sababli mazkur holat yuzasidan ko‘rishib gaplashib olishni so‘radi, taklifini qabul qildim, - deydi sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan sudlanuvchi.

“AYOLI TOMONIDAN TO‘LIQ QOPLAB BERILGAN”
Sudda jabrlanuvchi quyidagilarni bayon qildi...
— Moliyaviy jihatdan biroz qiynalib qolgandik. Shu sababli ishlab pul topib kelish niyatida ukamni AQShga yubormoqchi edim. Kunlarning birida bir maktabda tahsil olgan va Turkiyada ishlovchi tanishim qo‘ng‘iroq qilib, Toshkentda istiqomat qiluvchi shaxs ularga AQShga ishlashi uchun qonuniy hujjat qilib berayotganini, agar istasam ushbu shaxs bilan gaplashib ko‘rishini aytdi. Uning ukasi orqali topishim mumkinligini bildirdi. So‘ng uning ukasiga qo‘ng‘iroq qilib, akasi bilan bo‘lib o‘tgan suxbatni tushuntirdim. Sudlanuvchi bilan notanish shaxsning aviakassa binosida ko‘rishdik. Sudlanuvchi o‘zini tanishtirib, “turizm firmasi direktoriman. Avval “Green Card” lotareyasida faoliyat ko‘rsatganman. Ayni vaqtga kelib, o‘zimga qarashli korxona tomonidan to‘rt nafar fuqarolarni shaxsan o‘zim boshchiligimda AQShga olib ketayapman. O‘zi ham to‘rt xorijiy tilda bemalol gaplasha olaman. Avval ham bir qancha shaxslarni chet elga qonuniy yo‘l bilan yuborganman. AQShga yuborishim uchun ko‘zda tutilgan to‘rt nafar shaxslarni o‘zim rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatadigan o‘quv markazi xodimi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazaman. So‘ng tegishli tartibda ularning nomiga lozim bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirib, avval Kiyevga, u yerda “shengen” hujjati rasmiylashtirganimdan so‘ng esa Meksika, undan so‘ng AQShga boriladi. Buning uchun jami bir kishi uchun 13.000 AQSh dollari ketadi”, deya avvaliga 6.500 AQSh dollari taqdim etilganidan so‘ng ishga kirishishini ma’lum qildi. O‘sha vaqtda pullarni so‘raganida “pullar hali tayyor emas”, deganimizda xafsalasi pir bo‘lgandi. Ukamning shashtini qaytarmaslik maqsadida o‘zimda bo‘lgan pullarni to‘pladim va tanishlarimdan qarz havola qildim. Qarindoshim ham borishga qaror qildi. Shundan so‘ng qarindoshim, ukam bilan sudlanuvchining Uchtepa tumanida joylashgan o‘quv markaziga bordik. O‘quv markazi yonida bizni sudlanuvchi kutib oldi va ichkariga olib kirdi. Bizga mazkur o‘quv markazi direktori o‘rinbosari ekanini, markaz firmaga qarashliligini aytdi. AQShga ketmoqchi bo‘lganlarni o‘quv markazi xodimlari sifatida ishga olishini va ularga oylik maosh chiqarib, ushbu holatni qonuniylashtirishini, so‘ng o‘zi boshchiligida Kiyev shahriga olib ketishini aytdi. U yerda ikki kun bo‘lib, keyin yonlariga Istanbuldan ikki kishi kelib qo‘shilishini, o‘sha yerda ularga "Shengen" viza rasmiylashtirishini bildirdi. Istanbulda qolgan 6.500 AKSh dollarini unga viza karta orqali yuborib qo‘yishni, so‘ng Kiyev orqali Meksika, undan keyin esa AQShga kirib borishlarini aytdi. Jami 13.000 AQSh dollarini berdik. Mazkur holatni qarindoshim videotasvirga oldi. Shuningdek, u ukam va qarindoshimning pasport nusxalarini olib, yangi turdagi ID karta olish lozimligini va o‘zi aloqaga chiqishini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng sudlanuvchi o‘zini olib qochib yurdi. Qo‘ng‘iroqlarga javob bermay, “ertaga kelamiz”, deb turli sanalarni aytib, bahona qilib yurdi. Nihoyat ukam va qarindoshim ketadigan bo‘lishdi. Toshkent halkaro aeroportida sudlanuvchi kutib oldi. U yerda yana 1.000 AQSh dollaridan pul so‘radi. Ukam va qarindoshim yonida buncha miqdorda pul yo‘qligini aytishdi va keyin 100 AQSh dollaridan pul berishgan. Shundan so‘ng ular uchib ketishdi. Oradan tahminan ikki kun vaqt o‘tib, ukam menga qo‘ng‘iroq qilib, sudlanuvchi ularni Turkiyaga olib borib qo‘yib, u yerdan Kiyevga olib keta olmaganini, ularni aldaganini aytdi. Keyin ukam qaytib kelishga uyalib, o‘sha yerning o‘zidan ishlash uchun Rossiyaga jo‘nab ketgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, qarindoshim ham qaytib keldi va ukam aytgan gaplarni to‘liq tasdiqladi. Sudlanuvchi 2021 yil 1 dekabrga qadar to‘liq qaytarib berishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, qaytarmay qo‘ng‘iroqlarga ham javob bermasdan kelgan. Hozirda berilgan pul uning ayoli tomonidan to‘liq qoplab berilgan.


OZODLIKDAN MAHRUM QILINDI
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. JKning 59-moddasining 8-qismi va 61-moddasi tartibida, tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining hukmiga ko‘ra, tayinlangan 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 4 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jahongir Odilov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Uchtepa tuman sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!