AQSh va Ukraina 10 yillik xavfsizlik shartnomasi tuzdi

AQSh va Ukraina 10 yillik xavfsizlik shartnomasi tuzdi

AQSh prezidenti Jo Bayden va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy Italiyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida xavfsizlik bo‘yicha 10 yillik ikki tomonlama shartnoma imzoladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Tomonlar bu shartnomani Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidagi “ko‘prik” sifatida ko‘rmoqda. “Ikki tomon ham xavfsizlikni ta’minlash uchun Ukrainaga muhim harbiy kuchlar, mustahkam imkoniyatlar va NATO standartlariga javob beradigan mudofaa sanoati bazasiga barqaror sarmoya zarurligini tan oladi”, deyiladi kelishuvda.

Biroq bu AQSh tomonidan Ukrainani himoya qilish uchun Amerika harbiylaridan foydalanish majburiyatlarini o‘z ichiga olmaydi. Unda Vashingtonning Kiyev oldidagi moliyaviy majburiyatlari ham o‘rin olmagan.

Ukraina va boshqa davlatlar o‘rtasidagi xavfsizlik shartnomalari

Yaponiya ham G7 sammitida Ukraina bilan xavfsizlik bo‘yicha o‘n yillik shartnoma tuzdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Tokio 2024 yilda Kiyevga 4,5 milliard dollar yordam beradi va kelishuv amal qilish muddati davomida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

“Gap xavfsizlik va mudofaa, gumanitar yordam, texnik va moliyaviy hamkorlik haqida ketmoqda”, — deydi Zelenskiy.

O‘tgan oylarda Ukraina dunyoning o‘ndan ortiq davlati bilan shu kabi xavfsizlik bitimlarini imzolagan. Ularga quyidagilar kiradi: Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Italiya, Niderlandiya, Ispaniya va boshqalar.

AQSh Ukrainaga uzoq muddatli moddiy yordam ko‘rsatish, “ta’lim, konsalting, razvedka, xavfsizlik, mudofaa-sanoat” va boshqa sohalarda ko‘maklashishi kutilmoqda. Hujjatda Ukrainaga qurolli hujum yoki tahdid sodir bo‘lgan taqdirda, AQShning yuqori martabali amaldorlari ukrainalik hamkasblari bilan keyingi qadamlar va mamlakatning mudofaa ehtiyojlarini aniqlash uchun 24 soat ichida uchrashishi belgilangan.

G7 sammiti 13–15 iyun kunlari Italiyada bo‘lib o‘tadi. Sammit davomida Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan. G7ning barcha davlatlari G‘arbda muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan daromaddan foydalanib, yil oxirigacha Ukrainaga umumiy qiymati 50 milliard dollar miqdorida kredit berishga tayyorligini tasdiqlagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!