AQSh foydali resurslar bo‘yicha bitimning yangi loyihasida Ukrainadan ko‘rsatilgan yordamni to‘liq to‘lashni talab qilmoqda

Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Agentlikning yozishicha, Vashington yangi bitim loyihasida Qo‘shma Shtatlarga Ukraina infratuzilmasi va foydali qazilmalariga investisiya qilish bo‘yicha "birinchi taklif huquqi" berilishini taklif qilmoqda. Agar hujjat qabul qilinsa, AQSh avtomobil va temir yo‘llar, portlar, shaxtalar, neft va gaz infratuzlimasi, shuningdek, eng muhim resurslarni qazib olish bo‘yicha to‘liq nazoratga ega bo‘ladi.
Bitim loyihasida, shuningdek, qo‘shma fondga tushadigan daromadda AQShning ustun huquqi bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Chunki Vashington Ukrainaga ko‘rsatilgan yordamni o‘z hissasi deb hisoblamoqda, ya’ni Kiyev avvalo bu qarzni to‘liq qoplashi kerak, shundan keyingina o‘ziga daromad olish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bloomberg'ning yozishicha, hujjat bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda, hozirda AQSh ma’muriyati Ukrainadan o‘z takliflarini kutmoqda.
Vladimir Zelenskiy 27 mart kuni AQSh resurslar bo‘yicha kelishuv shartlarini doimiy ravishda o‘zgartirayotganini aytib, uning yakuniy variantini kutish kerakligini ma’lum qilgan edi.