AQSh Eronning Ozarbayjonga qarshi dron hujumini qoraladi
AQSh Eron tomonidan Ozarbayjon hududiga uyushtirilgan dron hujumini keskin qoraladi.
AZERTAC xabar berishicha, Davlat departamenti bayonot bergan. Unga ko‘ra, 5 mart kuni Naxchivon xalqaro aeroporti hamda bolalar maktabi nishonga olingan hujum natijasida tinch aholi vakillari jarohatlangan va muhim fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetgan.
AQSh Davlat departamenti ushbu hujumlarni Ozarbayjon suverenitetining jiddiy buzilishi hamda Eron tomonidan mintaqadagi keskinlikni asossiz ravishda kuchaytirish sifatida baholadi.
“Qo‘shma Shtatlar ushbu tahdidlarga qarshi Ozarbayjon bilan to‘liq birdamlik bildiradi. Mintaqadagi hamkorlarimiz hududlariga qilingan hujumlar qabul qilib bo‘lmaydi va AQSh bunday vaziyatlarda o‘z hamkorlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyiladi bayonotda.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi AQShning ushbu bayonotini yuqori baholab, Vashingtonning qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.
Boku rasmiylariga ko‘ra, AQShning pozisiyasi joriy yil 10 fevral kuni imzolangan Ozarbayjon hukumati va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati o‘rtasidagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi Xartiya ruhiga to‘liq mos keladi hamda ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yana bir bor tasdiqlaydi.
