AQSh davlat qarzi ilk bor iqtisodiyot hajmidan oshib ketdi
Qarz darajasi 2030 yilga borib 108 foizga yetishi kutilmoqda.
AQShda davlat qarzi hajmi mamlakat yalpi ichki mahsulotidan (YAIM) oshib ketdi. Bu holat Ikkinchi jahon urushidan buyon ilk bor kuzatilmoqda deb xabar beradi Fox Business News ma’lumotlarga tayanib.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 31 mart holatiga davlat qarzi 31,27 trillion dollarni tashkil etgan bo‘lsa, mamlakat iqtisodiyoti hajmi 31,22 trillion dollarga baholangan. Shu tariqa, qarzning YAIMga nisbati 100 foizdan oshib ketgan.
Mutaxassislar qayd etishicha, AQSh 1946 yilda qayd etilgan 106 foizlik rekord ko‘rsatkichga tez sur’atlarda yaqinlashmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 108 foizga yetishi, keyingi o‘n yillikda esa 120 foizdan oshishi mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, qarzning keskin o‘sishi byudjet taqchilligi, ijtimoiy xarajatlarning ortishi hamda qarzning iqtisodiyotdan tezroq o‘sishi bilan izohlanmoqda. Bu esa foiz stavkalarining oshishi, inflyasiya bosimi kuchayishi va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishiga olib kelishi mumkin.
Moliyaviy ekspertlar davlat qarzining ortib borishi uzoq muddatda iqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu bois, byudjet taqchilligini kamaytirish va moliyaviy intizomni kuchaytirish zarurligi qayd etilmoqda.
