Angrenda maktab o‘quvchisini daydi it talagach, u vafot etdi
Ijtimoiy tarmoqlar va OAVda Angren shahrida maktab o‘quvchisini daydi it talagani va natijada o‘quvchi og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Toshkent viloyati hokimligiga ko‘ra, hodisa yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan tezkor chora-tadbirlar va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda shahar va viloyat hududida daydi hayvonlarni nazorat qilish, ularni tutish hamda belgilangan maxsus joylarda saqlash ishlari kuchaytirildi.
Chora-tadbirlar natijasida o‘quvchi bolani talagan it ham Angren shahar obodonlashtirish bo‘limi daydi hayvonlarni tutish guruhi tomonidan tutildi va akt tuzilib, maxsus saqlash joyiga olib borildi.
Shuningdek, kuni kecha viloyat hokimligi mas’ullari ishtirokidagi shoshilinch muhokamada mutasaddi tashkilotlar — obodonlashtirish xizmati, veterinariya bo‘limi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati hamda boshqa mas’ul idoralarga tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Xususan, aholi xavfsizligini ta’minlash, daydi hayvonlarni tutish va zararsizlantirish, kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Mazkur masala alohida nazoratga olingan bo‘lib, jamoatchilik xavfsizligini ta’minlash borasida barcha zarur choralar ko‘riladi, deyiladi xabarda
