Angren shahar prokurorining o‘qituvchilarga qilgan qo‘pol munosabati Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda

Angren shahar prokurorining o‘qituvchilarga qilgan qo‘pol munosabati Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda

Angrendagi maktabga borgan va Angren shahar prokurori deya ta’kidlanilayotgan shaxsning o‘qituvchilarga munosabati internet tarmoqlarida keng salbiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriligining ma’lum qilishicha, pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlangan. Ushbu videolavha Bosh prokuraturaga yuborilgan va holat hozirda o‘rganilmoqda.

"Jamiyatda o‘qituvchining obro‘sini oshirishni har birimiz o‘zimizdan boshlashimiz lozim. Bu borada kattalar yoshlarga o‘rnak bo‘lishi va har doim barchamizga bilim bergan ustozlarga hurmat bilan muomalada bo‘lishimiz shart.

O‘rni kelganda, Prezidentimiz tomonidan o‘qituvchilarning nufuzini oshirish borasida qator topshiriqlar berilganini va “O‘qituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman” deganlarini alohida ta’kidlash lozim", - deyiladi rasmiy bayonotdi.

Shuningdek, qayd etilishicha, “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi Konvensiyaning (Jeneva, 28.06.1930) 6-moddasiga asosan ma’muriyat amaldorlari, hatto ularning vazifasi ularga ishonib topshirilgan aholini qandaydir mehnat shakli bilan band qilishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lsa-da, ushbu aholi yoki alohida shaxslarni xususiy shaxslar, kompaniyalar yoki tashkilotlar uchun ishlashga majbur qilishi mumkin emasligi belgilangan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 10-maydagi 349-son qaroriga muvofiq Bosh prokuraturaga O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda esa aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash tavsiya etilganligi eslatib o‘tilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!