Andijonda deyarli 4,5 mlrd. so‘m turuvchi bino sotuvga qo‘yildi

Oltinko‘l tumani davlat soliq inspeksiyasi qarorida aks etishicha, “A.CH.” MCHJning 9 turdagi soliq to‘lovlaridan qarzdorligi yig‘ilib qolgan. Bulardan eng yirigi aylanma soliq qarzlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Uning miqdori 1,6 mlrd. so‘mni tashkil etsa, to‘lanmagan mol-mulk solig‘i 477 mln. so‘mga borib yetgan. Bundan tashqari, jamiyat soliq qonunchiligini buzganligi uchun tortilgan 251 mln. so‘m moliyaviy jarimalarni ham to‘lamagan.
Soliq qarzdorliklari yig‘ilib, qarzdor jamiyat davlat byudjetiga jami 2,5 mlrd. so‘mni to‘lashi bo‘yicha 26.04.2022 yilda qaror chiqarilgan.
Majburiy ijro byurosi Oltinko‘l tuman bo‘limi xodimlari ijro harakatlari olib borib, qarzdor jamiyat vakillarini bir necha marotaba ogohlantirgan. Biroq, qarzdor 2,5 mlrd. so‘m soliq qarzidan 20 mln. so‘mnigina to‘lagan xolos. Qolgan qarzdorlik qoplanmagan.
Natijada, qarzdorga tegishli Oltinko‘l tumani, Katta Oqtepa MFYda joylashgan 40 440 kv.m yer maydoniga ega ishlab chiqarish bino-inshootlari xatlab qo‘yilgan. Shundan so‘ng ham qarzdorlik qoplanmagach, mulk sotuvga chiqarildi. Eng achinarlisi, binoning boshlang‘ich narxi 4,3 mlrd. so‘mdan ziyodni tashkil etadi.
Shunday qimmat narxdagi ishlab chiqarish binosi “e-auksion” savdo platformasiga sotish uchun joylashtirilgan.
Hozirda ijro harakatlari davom etmoqda.