Amir Olimxonning boyliklari uchun kimning qabri ochilgan?
Navoiy viloyatining Karmana shahridagi nodir me’moriy yodgorlik — «Qosim Shayx» majmuasida bo‘lganmisiz?
500 yillik tarixga ega bu maskanda Qosim Shayxdan boshqa yana bir insonning qabri joylashgan.
U Amir Olimxonning otasi Abdulahadxonning qabri bo‘lib, undagi qabr tosh bir necha marta yangilangan va hozirga qadar ikki marta ochilgan.
– Qabr 1943-44 yillarda va 1984 yilda ochilgani bizga ma’lum, – deydi Navoiy viloyati tarix va madaniyat muzey xodimi Lola Saidova. – Bunga sabab, uning o‘g‘li Amir Olimxonning afsonaviy boyliklari – olib keta olinmagan arava-arava tillalar shu yerga ko‘milgan bo‘lishi taxmin qilinib, ochilgan. Hech qanday boylik topilmagan, biroq jasadga zarar yetkazilgan.
O‘z davrida Buxoro amirligini boshqargan bu inson uchun nega bu makon oxirgi manzil bo‘ldi degan savolimizga, "Chunki Abdulahadxon Karmanada tug‘ilgan, Buxoroni ham shu yerdan turib boshqargan" deb javob berishdi. “Ojiz” taxallusi bilan she’rlar ham yozgani manbalarda keltirilgan.
Muzey xodimlari Amir Abdulahadxonning qilgan ishlari, amalga oshirgan islohotlari haqida so‘zlab berdi. U o‘z hukmronlik davrida sud-huquq tizimini tubdan isloh qilishga, insonparvarlik tamoyili asosida shakllantirishga urinib, qiynoqlar, o‘lim hukmi va eng dahshatli jazo – Buxorodagi Minorai Kalondan tashlab yuborish jazosini man etgan ekan. Karmana aholisi Abdulahadxonni xushmuomalaligi, adolatparvarligi, xudojo‘yligi va oddiyligi uchun juda sevgani ham e’tirof etildi.
– Tarixiy manbalarda Amir Abdulahadxon Moskva va Sankt-Peterburgda bir necha marta borgani qayd etilgan, – deydi Lola Saidova. – Sankt-Peterburgda musulmon masjidi, Saudiya Arabistoni, Misr, Suriya, Iroq, Qrim va Kavkaz o‘lkalarida bir qancha rabotlar, mehmonxonalar, saroylar va hammomlar qurdirgani ham tarixiy haqiqat.
Mustaqillikdan oldin, Qrimda qurdirgan qasrlardan biriga “O‘zbekiston” sanatoriyasi nomi berilgan. Ayni vaqtda ushbu manzillarni taqdiri qanday kechgani, ulardan nima uchun foydalanishayotgani bizga ma’lum emas.
Eh-he, dunyoning bir qator davlatlariga turli xildagi xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurib bergan amir, o‘z yurti, xalqiga nima yengilliklar qilganiga qiziqib, tarixiy kitoblarni varaqladik. Abdulahadxon hukmronligi davrida Kattaqo‘rg‘ondan Buxoroga Karmana orqali telegraf simi tortilgani, Chorjo‘yni Samarqand bilan bog‘lovchi temir yo‘l o‘tkazilgan va Karmananing Buxoro amirligidagi nufuzini hisobga olib, bu yerda Karmana stansiyasi qurilgani haqidagi ma’lumotlardan ochig‘i juda quvondik.
Ushbu xanoqohga kiraverish peshtoqida fors tilida marsiya yozilgan ekan. Uning qisqa ma’nosi esa “ Ey, dil bu yorug‘ jahonda xotirjamlik yo‘q. Qaragin zamona shohi bo‘lgan Said Abdulahadxon ham so‘nggi manzilga yo‘l oldi, kim bo‘lsak ham tuproqdan yaralganmiz va unga qaytamiz” iborat ekan.
