Alloh taoloning O‘zi bayram qilib bergan kun

Alloh taoloning O‘zi bayram qilib bergan kun

Tilshunos mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, «hayit» so‘zi ham asli «iyd» so‘zidan olingan ekan. («O‘zbek tilining izohli lug‘ati», 676-bet. Moskva. 1981 yil.). O‘g‘uzlar (qadimgi turklar) ayrim hollarda so‘z boshidagi unli oldiga «h» qo‘shib talaffuz qilishgan ekan. («Devonu lug‘atit turk», 135-bet. Mahmud Qashg‘ariy. Toshkent. 1961 yil. O‘z.SSR Fanlar Akademiyasi nashriyoti.) Ana shundoq qilib, «iyd» so‘zi bizda keyinchalik «hayit» shaklini olgan ekan.

Xalqimiz qadimdan, Islom dini bilan musharraf bo‘lgan kundan boshlab «Iyd al-Fitr» kunini tantanali ravishda bayram qilib nishonlab kelgan. Iyd namozini o‘qish uchun butun shahar ahli bir namozgohga yig‘ilgan. Namozdan so‘ng beva-bechoralar holidan xabar olish, faqiru kambag‘allarga moddiy yordam ko‘rsatish, bolalarga hayitlik sovg‘alari ulashish xalqimiz ichida an’anaga aylangan.

Sho‘rolar davrida xalqimiz boshqa ko‘plab qadriyatlari qatori hayit kunlarini rasman bayram qilish huquqidan ham mahrum qilingan edi. Yurtimiz o‘z mustaqilligini e’lon qilgan kundan boshlab ko‘plab milliy- qadriyatlarimiz qayta tiklandi.

Shunday bo‘lsa-da, hali hanuz ko‘pchilik odamlarimiz ushbu kunning kelib chiqishi, mo‘min-musulmon shaxs uchun ahamiyati, hayotimizda tutgan o‘rni haqida yetarli ma’lumotga ega emas. Uni ayrim kishilar oddiy bir urf-odat deb tushunishi ham sir emas. Ana shu jihatlarni e’tiborga olib, siz azizlarga ushbu muborak kunning kelib chiqish tarixi, unga doir odob va ahkomlar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tishni maqsadga muvofiq deb topdik.

Islomning avvalida Ramazon ro‘zasi ham, Ramazon hayiti ham bo‘lmagan. Zotan, bu kabi ahkomlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar Makka shahridan Madinai munavvaraga hijrat qilganlaridan keyin birin-ketin joriy qilingan. Hijratning ikkinchi yili Ramazon ro‘zasi farz qilindi va mana shu ibodatning tantanasi o‘laroq Ramazon hayiti Alloh taolo tomonidan musulmonlar uchun bayram qilib berildi. Bu haqda muhaddislarimiz quyidagilarni keltiradilar:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, u (Madinalik)larning ikki kuni bo‘lib, ular o‘sha kunlarida o‘yin-kulgi qilishar edi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu ikki kun qandoq kun?», – deb so‘radilar. Ular:

«Biz johiliyatda shu kunlarda o‘yin-kulgi qilar edik», – deyishdi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o‘rniga ulardan ko‘ra yaxshiroq – Azho va Fitr kunlarini berdi», – dedilar».

«Sunan» egalari rivoyat qilgan.

Azho – Qurbon hayiti, Fitr – Ramazon hayitini bildiradi.

Demak, bu ikki hayit kunlarini siz bilan biz mo‘min-musulmonlarga bevosita Alloh taoloning O‘zi bayram qilib bergan ekan. Ularni odamlar o‘zlari o‘ylab topgan yoki olimlar joriy qilgan emas, balki ilohiy iroda shuni ixtiyor qilgan ekan. Ana shu e’tibordan, ushbu kunlarni bayram qilishning o‘zi alohida ibodat hisoblanadi.

Madina ahli Islomdan oldin yilning ikkita kunini – bahorda shamsiy yilning boshlanish kunini, kuzda «Mehrijon» kunini bayram qilishar edi. O‘sha kunlarni ular turli o‘yin-kulgilar bilan o‘tkazishar edi. Alloh taolo ularga o‘sha ikki kunning o‘rniga boshqa ikki kunni bayram qilib nishonlashni Islom shariatida joriy qilib berdi. Shunday qilib, Islom arkon – asoslaridan hisoblangan ikki buyuk ibodat – ro‘za va haj ibodatlarining yakuni musulmonlar uchun eng ulug‘ bayram etib tayinlandi.

Ana shundan buyon mo‘min-musulmonlar bu kunlarni bayram qilib keladilar. Ularni o‘ziga xos go‘zal suratda, ibodat, xayru saxovatlar bilan, axloq-odob me’yorlari asosida nishonlaydilar. Bu kunlar doimo ezgulik, xayru baraka, mehr-oqibat ramzi hisoblanib kelgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!