Alisher Qodirov O‘zbekiston parlamenti konstitusiyaga zid qonunlar qabul qilganini tan oldi (+VIDEO)

Alisher Qodirov O‘zbekiston parlamenti konstitusiyaga zid qonunlar qabul qilganini tan oldi (+VIDEO)

Avvalroq saytimizda barcha partiya rahbarlari va bloger hamda jurnalistlar o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Muloqotda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zLiDeP raisi Aktam Xaitovga nodavlat notijorat tashkilotlar, xususan Fermerlar Kengashiga fermerlarning va Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorlarning majburiy a’zo qilinishiga munosabatini so‘ragan edi. Unda Xaitov aniq javob bermasdan, keyinchalik yozma ravishda javob berishini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng Fermerlar kengashi vaziyatga rasmiy munosabat bildirdi.

Uchrashuvda “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov ham ushbu masalaga o‘z munosabatini bildirdi. Uning bildirishicha, bunday holat konstitusiyaga, qonunga zid.

“To‘g‘ri hukumatning raisi nomzodini taklif qilgan partiya sifatida savolingiz manzilli yo‘naltirildi. Lekin men amaldagi deputat sifatida sizning savolingizga shunday deb javob bergan bo‘lar edim. Savolingiz juda ham to‘g‘ri va siz aytgan savolga men noqonuniy deb javob beraman. Qonunga, konstitusiyamizga zid ayrim qonunlarning qabul qilingan holatlari bizning parlamentimizda bor. Buni e’tirof etish kerak. Lekin men bir narsani aytmoqchiman. Bu safargi parlament noyob, tarixiy muhitda ishini boshladi va boshqacha muhitda ishini tugatyapti. Biz ishimizni boshlagan paytimizda juda ko‘p holatlarda konstitusiyaga zid ayrim nuqtalarda qonunlarni qabul qilinishi jarayonlarida deputatlarning juda ko‘pchiligida hozirgi jur’at yetishmagan. Buni e’tirof etishimiz kerak. Jamiyat ham aynan shunga e’tiroz bildirmoqda. Parlament jur’atli bo‘lishi kerak” – dedi Qodirov.

Shuningdek, partiya rahbari avvlgi saylovda O‘zLiDeP ntomonidan nomzodi ilgari surilgan va bu safargi nomzodlar ro‘yxatiga kiritilmagan Abdurashid Abduqodirovni o‘zining partiyasi nomidan nomzodlar ro‘yxatiga kiritilishini xohlashini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, “Milliy tiklanish” raisi Alisher Qodirov bir vaqtning o‘zida Oliy Majlis deputati, partiyaning parlamentdagi fraksiyasi rahbari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari hisoblanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!