Alisher Qodirov "lo‘lilarni haqorat qilgani"ga munosabat bildirdi

Alisher Qodirov "lo‘lilarni haqorat qilgani"ga munosabat bildirdi

Xabaringiz bor, oldinroq deputat Alisher Qodirov va Rasul Kusherbayev muhokama paytida tortishib qolishgan va Alisher Qodirov Kusherbayevga nisbatan "lo‘lichilik qilmang" degan jumlani ishlatgandi. Bu esa o‘quvchilar tomonidan "lo‘lilarga nisbatan haqorat" deb qabul qilindi. Alisher Qodirovning o‘zi esa bunga munosabat bildirdi.

«Lo‘lichilik» degan so‘zni ishlatdim, bundan haqorat yasamoqchi bo‘lishayapdi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston qahramoni Said Ahmad «Cho‘l shamollari» asarida «Komil lo‘lilik qilib birovga gap bermay bidirlar, Qo‘ziboy esa to‘ng‘illar edi», deganda, yoki Hamidaxon Ziyoxonova «Birinchi maktub» hikoyasida «Arzanda qiz maktabda ham lo‘liligi, urushqoq va beboshligi bilan nom chiqardi» degan jumlalarni ishlatganda lo‘li vatandoshlarimizni haqorat qilganmidi? Lo‘lilar bu asarlarni o‘qib, o‘zlarini kamsitilgandek his qilganlariga jiddiy shubham bor.

Har bir millatni o‘ziga xos sifatlari bo‘ladi. O‘zbeklarni «o‘zbekchilik» degan so‘z bilan xos sifatlarini aytish haqorat bo‘lmaganidek, lo‘lilarni ham ularga xos bo‘lgan xususiyatlarining nomi «lo‘lichilik»dir. Qachondan boshlab milliy xususiyatlar haqorat bo‘lib qoldi? Bu so‘zdan millatchilik yoki milliy kamsitishni izlash uchun juda qattiq g‘azabda yoki sog‘lom aqldan ayrilgan bo‘lish kerak.

Menimcha, bir so‘zdan haqorat yasamoqchi bo‘layotganlarni lo‘lilarning sha’ni emas, Jinoyat prosessual kodeksida o‘tmay qolgan «elektron dalillar» tuynugi yo‘liga qo‘yilgan to‘siq ko‘proq tashvishga solmoqda.

Men uchun inson Allohning yaratgan bandasi, oliy mavjudotdir, o‘zbekmi, rusmi, qozoqmi yoki lo‘li, farqi yo‘q. Insonni millatiga qarab emas, tarbiyasiga qarab munosabatda bo‘laman. E’tiqodimiz hatto hayvonlarga hurmat ko‘rsatishni talab qiladi.

Lekin, insonlarning ichida ham ayrimlar bor do‘st bo‘lging keladi, gaplashib to‘ymaysan, ayrimlarni do‘st deb o‘ylaysanu, yaqinroq bilib, vijdonsizligidan qaytib yuziga qaraging kelmaydi...

Lo‘li vatandoshlarni tinch qo‘ying Rasul Kusherboyev, «elektron dalillar»ingizga betaraf bo‘lishga roziman, lekin barcha deputatlar ham siz o‘ylagandek tablodagi qizil tugmaga qarab ovoz bermaydi…"


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!