Alisher Qodirov: «Ibodat - diniy marosim emas...»
Ijtimoiy tarmoqlarda «Ishxonasida ishchilari namoz o‘qishlari uchun xona ajratib bergan rahbar 21 600 000 so‘m miqdorida jarimaga tortildi» degan xabarda Toshkentning Yakkasaroy tumani sudining Qushbegi mavzesida joylashgan GTA Showroom korxonasi binosida ishchi va mijozlarga namoz o‘qishga sharoit yaratib bergani uchun 21 mln 600 so‘m miqdorida jarimaga tortgani aks etgan qaror nusxasi tarqaldi. Unda qayd etilishicha, sud majlisida huquqbuzar 2021 yil 12 yanvar kuni o‘ziga tegishli korxona hududida namoz amallarini bajarishga sharoitlar yaratib bergani, uning yomon niyati bo‘lmagani, u shunchaki o‘z ishchilariga o‘z namozlarini o‘qishi uchun sharoit yaratgani, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, unga nisbatan yengillik berishni so‘rab ko‘rsatuv bergan.
Sudning fikricha, huquqbuzar o‘zining ushbu harakatlari bilan MJtKning 201-moddasi 2-qismida (diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va boshqa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish) ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan.
Bu xabarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish" DP MK raisi Alisher Qodirov shunday munosabat bildirdi:
“Ibodat - diniy marosim emas, u e’tiqodning o‘zagi, erkinligi kafolatlangan huquqdir.
1998 yil, 1 mayda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasida amalga oshirish joyi cheklangan amallar qatorida «diniy marosimlar» bilan birga «ibodat» ham ko‘rsatilgan edi.
2021 yil, 5 iyulda qabul qilingan yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida, «Milliy tiklanish» DP fraksiyasining tashabbusi bilan, joy bo‘yicha cheklovlar belgilangan amallar qatoridan «ibodat» so‘zi olib tashlangan.
Demak, amaldagi qonunda ibodat joyi uchun cheklov belgilanmagan. Albatta, ibodat odobiga rioya qilish majburiyati muhokama uchun mavzu emas.
Sudya ibodat uchun sharoit yaratgan Farhod Rahmonovga nisbatan MJKning 201-moddasi ikkinchi qismi bilan jarimani xato qo‘llamoqda. Modda ibodat yoki ibodatga sharoit yaratganlik uchun emas, «diniy marosim» o‘tkazish talabini buzganlik uchun qo‘llaniladi.
Farhod Rahmonov sud qarorini belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Qolaversa, inson huquq va erkinliklari ustuvor deb hisoblanayotgan mamlakatimizda e’tiqod qiluvchilarni ibodat amallari uchun, butun dunyoda keng qo‘llanilayotgan amaliyot sifatida, jamoat joylarida ham qulay sharoit yaratib berilishi kerak”.

