Afsus! Buxoroda yosh oila nega barbod bo‘ldi?

Afsus! Buxoroda yosh oila nega barbod bo‘ldi?

Ma’lumki, Bosh qomusimizning 63-moddasiga asosan oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga egaligi mustahkamlanib qo‘yilgan. Nikoh esa tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi ham qayd qilingan.

Bundan ko‘rinadiki, mamlakatimizda oila instituti alohida e’tiborda bo‘lib, buni so‘ngi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlardan ham bilib olish mumkin. Nikoh yoshining o‘zgartirilishi yoki oila masalalari bilan shug‘ullanadigan alohida “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi”ning tashkil etilishi, “Har bir oila-tadbirkor” dasturining hayotga joriy etilishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Guruch kurmaksiz bo‘lmagani, kabi insonlar ham har xil bo‘ladi. Jumladan, da’vogar (taraflarning ismi hamda sanalar o‘zgartirilgan) Alixan fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudiga murojaat qilib, unda javobgar Oyjamol  bilan 2017 yilda qonuniy nikohdan o‘tganligini, birgalikdagi turmushidan farzandi yo‘qligini, javobgar bilan oilaviy munosabatlari batamom tugaganini, javobgarni kechira olmasligini, kelgusida javobgar bilan yarashib, oilani tiklashni hech qanday imkoni yo‘qligini bildirib, nikohdan ajratishni so‘ragan.

Bu holatda, oilani barbod bo‘lishiga asosiy sabab taraflar o‘rtasida farzand yo‘qligi, deb o‘ylashingiz mumkin. Yo‘q, aslida unday emas. Buyog‘ini eshiting.

Orzularning ushalishi

Da’vogar Alixanning onasi o‘g‘lini uylantirish maqsadida Nurjamolning uyiga yaxshi umidlar bilan sovchilikka boradi. Ona uyiga kelin emas, balki qiz olib kelish maqsadida borgandi. Ikkala oilaning roziligi asosida to‘y kuni belgilandi. 2017 yilning yoz oylarida dabdabali to‘y bo‘lib o‘tdi. Ikki yosh baxtli hayot ostonasiga qadam tashlashdi...

Sarobga aylangan orzular...

Oyjamol qonuniy nikohdan o‘tmasdan ilgari SH. ismli yigit bilan sevishib, u bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Oyjamolning boshqa yigit bilan sevishib yurganligini oila a’zolari va hatto bo‘lajak turmush o‘rtog‘i ham bilmagan. Alixan bilan turmush qurgan vaqtda Nurjamol SH. ismli yigitdan xomilador bo‘lgan. Oradan bir necha oy o‘tgandan so‘ng Oyjamol farzandli bo‘ladi. Qizig‘i ona farzandini kelinlik uyi xojatxonasida dunyoga keltirib, norasida go‘dakni xojatxona kanalizasiyasiga tashlab yuboradi va hech nima bo‘lmaganday hayotini davom ettiradi. Xalqimizda shunday hikmatli so‘z bor: “Yolg‘on uzoq yashamaydi yoki kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”.

Jinoyatga jazo muqarrar

Oyjamol sirlarini uzoq bekita olmadi. Siri fosh bo‘lgan kelinchak javobgarlikka tortildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 99-moddasini qo‘llab, unga nisbatan tegishli jazo tayinladi.

So‘nggi pushaymon...

Da’vogar Alixan sudga nikohdan ajratish haqida da’vo ariza bilan murojaat qilganidan so‘ng, sud taraflarning fikri va ishdagi hujjatlarini o‘rganib, oilaning tiklash va yarashtirish maqsadida muhlat berib, tegishli sudning ajrimini ikkala taraflarning yashash hududi bo‘yicha yarashtirish komissiyalariga va Oila markazi yubordi.

Yuqoridagi xolatlarga qaramasdan sud ularning oilasini tiklash chorasini ko‘rgan. Yarashtirish komissiyasi va oila markazi vakilining sudda oilani tiklashning imkoniyati yo‘qligi haqidagi xulosalarini inobatga olgan holda tumanlararo sudning 2019 yildagi hal qiluv qarori bilan taraflar nikohdan ajratilgan.

Xulosa o‘rnida aytganda, Oyjamol bo‘lib o‘tgan voqealar oilasining barbod bo‘lishiga sabab bo‘lganligini, yolg‘onlar ustida qurilgan nikoh asosida yashab bo‘lmasligini tushunib yetgan bo‘lsa ne ajab?!

 

Foziljon Subhonov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi bo‘lim boshlig‘i


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!