Adolat va qonun ustuvorligi yo‘lidagi islohotlar

Adolat va qonun ustuvorligi yo‘lidagi islohotlar

Sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad shuki, yurtimizda yashayotgan har bir insonni rozi qilish, ularning ezgu orzularini ro‘yobga chiqarish, insonparvarlik tamoyillariga asoslangan demokratik jamiyatni barpo etishdan iboratdir.

Zero, Prezidentimizning Murojaatnomasida ham aynan shu jihatlar, yangi tashabbus va takliflar o‘z ifodasini topgan. Unda belgilangan vazifalarni hayotda to‘laqonli amalga oshirilishida har bir sohaning vakili o‘z fidoiyligini namoyon etishi zarur.

Ma’lumki, “Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qonun Prezident tomonidan 2021 yil 12 yanvarda imzolandi.

Qonun bilan jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instansiyasi bekor qilindi.

Surishtiruvchi, tergovchi, sud majlisi kotibi ma’lum bir ishda qatnashganidan so‘ng keyinchalik uni qayta ko‘rib chiqish uchun surishtiruvni, dastlabki tergovni yuritishda takroran ishtirok etishi, shuningdek sud majlisi bayonnomasini yuritishi mumkin.

Endilikda sudda jinoyat ishini muhokama qilish faqat ayblanuvchilarga nisbatan va e’lon qilingan ayblov bo‘yicha olib boriladi (ilgari haqiqatni aniqlash maqsadida – ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan boshqa shaxslarga nisbatan olib borilgan).

Sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash endilikda sudlanuvchining, uning himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosnomasiga ko‘ra ham amalga oshiriladi (ilgari ushbu tartib faqat prokurorning yoki jabrlanuvchining, uning vakilining iltimosnomasiga ko‘ra amalga oshirilgan).

Shuningdek:

- birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan yigirma sutka ichida apellyasiya tartibida shikoyat, protest berilishi mumkin bo‘ladi;

-prokurorning ayblovdan voz kechishi sud tomonidan jinoyat ishini reabilitasiya asoslariga ko‘ra tugatishga sabab bo‘lishi belgilandi;

-apellyasiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi ustidan kassasiya tartibida shikoyat, protest berilishi mumkin bo‘ladi;

-sudlanuvchi sodir etilgan jinoyatga daxldor emasligi sababli oqlangan taqdirda, oqlov hukmining qaror qismida jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun ish prokurorga yuborilishi ko‘rsatiladi;

-kassasiya tartibida berilgan shikoyat, protest O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘riladi;

-kassasiya instansiyasi sudi jinoyat ishini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining Jinoyat-prosessual kodeksining 497-17-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra kiritgan kassasiya protesti bo‘yicha kassasiya tartibida takroran ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Murojaatnomada bayon etilgan tashabbuslar va qonunchilika kiritilayotgan yangi o‘zgarishlar sud-huquq tizimini rivojlanishiga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlanishiga xizmat qiladi. Shu asnoda jamiyatimizda adolat va qonun ustuvorligi ta’minlanib ijtimoiy adolat kafolatlanadi.

 

Farrux To‘raxodjayev,

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha hay’ati sudyasi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!