2026 yilgi Haj ziyorati narxi arzonladi
Tojikistonda joriy yilda fuqarolar uchun haj ziyorati narxi 53 ming somoniyni (taxminan 69 million so‘mni) tashkil etadi, bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli 4 ming somoniyga kam: 2025 yilda u 56 ming 800 somoniy (taxminan 74 million so‘m) edi.
Din ishlari, an’analar, tantanalar va marosimlarni tartibga solish qo‘mitasi matbuot kotibi Afshin Muqimning «Aziya-Plyus»ga ma’lum qilishicha, Saudiya Arabistoni talablariga muvofiq, aholisi musulmon bo‘lgan barcha davlatlar 2026 yilgi Haj mavsumi uchun hujjatlarni odatdagidan erta qabul qilishni boshlagan.
«Tojikistonda so‘nggi bir oy ichida ziyoratchilar kerakli hujjatlarni topshirib, to‘lovni amalga oshirdi. Hujjatlarni qabul qilish yakunlandi va ziyoratchilar safarga tayyorgarlik ko‘rmoqda», dedi u.
Ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga safari taxminan joriy yilning may oyiga mo‘ljallangan.
«2026 yilda Haj ziyoratini tashkil etish xizmatlari narxi 53 ming somoniy etib belgilandi. Ushbu tarif o‘tgan yilning dekabr oyida tasdiqlangan bo‘lib, bugungi kunga qadar nomzodlar mablag‘larni to‘ladi», dedi Afshin Muqim.
Qo‘mitaning qayd etishicha, ushbu qiymat Tojikistonning Monopoliyaga qarshi kurashish xizmati bilan kelishilgan holda tasdiqlangan bo‘lib, ikki tomonga aviaqatnov, Makka va Madinada mehmonxona ijarasi, gidlar xizmati va safar davomida uch mahal ovqatlanish xarajatlarini o‘z ichiga oladi.
