2025-yilning yanvar oyida Toshkent shahridagi supermarketlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2025-yilning yanvar oyida Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi.
Monitoring natijalari 6 nomdagi mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganligini ko‘rsatdi*.
Shunday qilib, bodringning minimal narxi 25,2 foiz, margarinniki 8,4 foiz, mol go‘shtiniki 5,2 foiz, guruchniki 5,0 foiz, bananniki 2,2 foiz, kartoshkaniki 2,0 foiz pasaygan.
7 nomdagi mahsulot bo‘yicha minimal narxlar oshgan. Ayniqsa, lavlagi narxida eng katta o‘sish qayd etildi. Bu mavsumiy omil bilan bog‘liq.
Limon narxi ham sezilarli darajada oshgan. Ammo o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan limon narxi 21,7 foiz arzon.
8 nomdagi mahsulotning eng past narxlari o‘zgarishsiz qolgan. Bular - grechka, makaron, pomidor, olma, tovuq go‘shti (file), sut, shakar, kungaboqar yog‘i.
*tahlil 2025-y. 9-yanvar va 2024-y. 12-dekabr kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida amalga oshirildi.