2024-yilning ikkinchi choragida O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi tahlil qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2024-yilning ikkinchi choragida O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi tahlil qilindi.
Mazkur tadqiqotda Xerfindal-Xirshman indeksidan foydalanildi. Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI) bozor konsentrasiyasining umumiy o‘lchovi bo‘lib, bozor raqobatbardoshligini aniqlash uchun qo‘llaniladi.
Ma’lumot uchun: bozor HHI bo‘yicha raqobat darajasiga ko‘ra 3 guruhga bo‘linadi, ya’ni raqobat darajasi past (HHI 2500-10000 gacha), o‘rtacha (HHI 1500-2500) va yuqori (HHI 1500 dan past).
Aktivlar. Aktivlar bo‘yicha hisoblangan HHI 2024-yilning ikkinchi choragi yakuni bo‘yicha 863 birlikni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 53 (916) birlikka yaxshilandi. Bu davrda tijorat banklarining jami aktivlari hajmi 690,4 trln. so‘mga yetdi va 2023-yilning ikkinchi choragi bilan taqqoslaganda qariyb 113,7 trln. so‘mga (19,7 foizga), joriy yilning birinchi choragi bilan taqqoslaganda esa, qariyb 25 trln. so‘mga (3,7 foizga) oshdi. Davlat ulushi mavjud bo‘lgan banklarning jami aktivlardagi ulushi o‘tgan yilning 1-iyul holatiga ko‘ra 69 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 2 foiz bandga (67 foiz) qisqardi. HHI ko‘rsatkichining yaxshilanishi va aktivlar hajmining o‘sishidagi uyg‘unlik mamlakat bank tizimi aktivlar bozoridagi ijobiy raqobat dinamikasini ifodalaydi.
Kreditlar. Kreditlar bozori bo‘yicha hisoblangan HHI o‘tgan yildagi 971 birlikdan 963 birlikka yaxshilandi. 2024-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan ajratilgan jami kredit qo‘yilmalari hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 70 trln. so‘mga oshdi va 493,9 trln. so‘mga yetdi. Umumiy kredit portfelida xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar tomonidan ajratilgan kreditlar ulushi o‘tgan yilning mos davridagi 27 foizdan qariyb 3 foiz bandga o‘sib, 30 foizgacha oshdi. Shuningdek, davlat ulushi mavjud bo‘lgan top-5 ta bankning jami kreditlar portfelidagi ulushi 59,4 foizdan 57,8 foizga tushdi. 2024-yil birinchi choragida kreditlar qoldig‘ining depozitlar hajmiga nisbati 1,8 barobarni tashkil etdi. Bu esa kreditlarning 50 foizdan ortig‘ini moliyalashtirishda banklar depozitlardan foydalanayotganini anglatadi. Milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan nominal foiz stavkasi 2023-yil yakunidagi 24,2 foizdan 2024-yil ikkinchi choragida 23,6 foizga tushgan.
Depozitlar. 2024-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan jalb qilingan jami depozitlar hajmi 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 1,3 barobarga o‘sib, 265,4 trln. so‘mni tashkil qildi. Depozitlar hajmi o‘sishiga qaramay, HHI o‘tgan yilning mos davridagi 664 birlikdan 693 birlikka oshdi. Bunga sabab davlat ulushi mavjud bo‘lgan ba’zi banklarning jami jalb qilingan depozitlardagi ulushi ortganligidir. Jumladan, “O‘zmilliybank”niki 2023-yil ikkinchi choragidagi 13,6 foizdan 2024-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, 14,3 foizga, “Xalq banki”niki 7,4 foizdan 8 foizga, “Turon bank”niki 1,5 foizdan 2 foizga oshgan. Umuman, xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar tomonidan jalb qilingan depozitlar hajmi o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 1 foizga oshib, 49 foizni tashkil qilgan.