2023 yilda ish haqi, pensiya va nafaqalar ikki marta oshiriladi

2023 yilda ish haqi, pensiya va nafaqalar ikki marta oshiriladi

Pensiya, nafaqa va maoshlar mos ravishda 1 aprel va 1 maydan – 7 foizga, 1 sentyabrdan esa – 10 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, buning natijasida 2023 yilda pensiyalar va oyliklar umumiy hisobda 17,7 foizga oshadi.

2023 yilda O‘zbekistonda oyliklar va pensiyalarni ikki marotaba oshirishga qaror qilingan. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil uchun tasdiqlangan Davlat byudjeti parametrlarida pensiyalarni 1 iyundan 12 foizga, ish haqini 1 oktyabrdan 10 foizga bir marotaba oshirish maqsadida 6,7 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan edi.

Jahon bozorida oltin va mis narxining prognozga nisbatan yuqori bo‘lishi (qo‘shimcha 4,5 trln so‘m) hamda bojxona tushumlarining oshishi (qo‘shimcha 3 trln so‘m) hisobiga, Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutilganiga nisbatan, ish haqi, pensiya va nafaqalarni qo‘shimcha yana bir marotaba oshirishga qaror qilingan.

Xususan:

  • 1-bosqichda pensiya va nafaqalar 1 apreldan, maoshlar 1 maydan – 7 foizga (qo‘shimcha xarajat 2,2 trln so‘m);
  • 2-bosqichda 1 sentyabrdan – 10 foizga (yana 5,6 trln so‘m) oshiriladi.

“Buning natijasida, misol uchun, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani 30-son maktabning katta sinf o‘qituvchisining oyligi 4,2 mln so‘mdan may oyida 4,5 mln so‘mgacha (sentyabrdan 4,9 mln so‘mgacha), Kogon tuman tibbiyot birlashmasining shifokor-laborantining maoshi 3 mln so‘mdan 3,2 mln so‘mgacha (sentyabrdan 3,6 mln so‘mgacha), Andijon shahar tibbiyot birlashmasi katta hamshirasining oyligi 2,7 mln so‘mdan 2,9 mln so‘mgacha (sentyabrdan 3,2 mln so‘mgacha) oshadi.

Bunda, ish haqi va pensiyalarning birinchi bosqichda oshirilishi qo‘shimcha tushumlar hisobiga qoplanadi.

Ish haqi va pensiyalar miqdorlari ikki marotaba oshirilishi hisobiga joriy yilda ularning miqdorlarining o‘sishi 17,7 foizni tashkil etadi (avval ko‘zda tutilgan miqdor: 10-12 foiz).

Natijada, ish haqi, pensiya va nafaqalar oshishi prognoz qilinayotgan inflyasiyadan (10 foiz atrofida) ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda”, – dedi Umid Obidxo‘jayev.

Ma’lum qilinishicha, bu tadbirlardan 6,5 mln fuqaro manfaat ko‘radi (4,4 mln nafar pensiya va nafaqa oluvchilar hamda 2,1 mln nafar ishchilar).


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!