Hurmatli do‘stlar! Ijtimoiy tarmoqlarda «Chasovnya» (Georgiy Pobedanoses) yodgorligi atrofida shov-shuvlar tinmayapti. Shu sohada 1985 yildan beri o‘qib, ishlab kelayotgan bir oddiy mutaxasis sifatida, chetda tomashabin bo‘lmay, o‘zimning mustaqil – norasmiy fikrimni bildirishga jazm qildim…
Bu albatta mening – Vatanini, tuprog‘ini, ona xalqini, uning tilini, qadriyatlarini va madaniyatini boshqalardan kam sevmaydigan bir musulmon o‘g‘lon, islom obidalari bo‘yicha me’mor va rassom – ijodkor sifatidagi shaxsiy, sub’ektiv fikrim:
«Chasovnya» mashmashasida men faqat yaxshilik va ezgulik alomatini ko‘rdim. Yevropada ham konslagerlar, odam yoqiladigan pechlar insoniyat uchun fashizmdan ogohlik ramzi sifatida, Xirosimadagi ayrim imoatlar, Berlindagi Reyxstag binosi va dunyoning boshqa chekkalarida ham bosqinchilar zulmining qoldiqlari, agressorlar mozorlari, avvalambor insoniylik insoniylik nuqtai nazaridan, tinchlikni qadriga yetish, hushyorlik uchun, qolaversa tarix uchun saqlanib kelinadi.
Aminmanki, Chasovnya masalasi internetga, OAV chiqmasdan avval kam doiradagi mutaxassislardan tashqari hamma ham bu yodgorlik haqida bilmasdi. Avvalmabor buni xalqimiz bunyod etmagan, mavjud yodgorlik ta’mirlandi… Endi xalqimiz va qolaversa, butun insoniyat qadim Shosh – Toshkent shahri, yurtimiz – Turkiston – Turon qonli jang bilan ishg‘ol qilinganini, bobokalonlarimiz, ona shahrini, yurtini qamaldan mardonavor himoya qilib, qattiq qarshilik ko‘rsatib, shahid bo‘lganini, momolarimiz zo‘rlanganini, o‘sha davrdagi xalqimiz mustaqilligimiz shu nuqtada boy berilganini yaxshi bilib oldi.
Eshitishimcha, uyi buzilganlar hokimlik tomonidan keragidan ortiq darajada rozi qilingan. Bu obida xalqimizni birlashishga, tarqoq bo‘lmaslikka, vatan mustaqilligini, tinchlikni asrashga chorlovchi, qullik libosini qayta kiymaslikka da’vat yodgorligidir.
Tarixga to‘g‘ri baho berildi. Buyuk adimiz Abdulla Qodiriy ta’birlari bilan aytganda: «Moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir». Hech bir shubha yo‘q-ki, yaqin kelajakda Vatan ozodligi uchun kurashgan To‘marisga, Shiroqqa, Spitamenga, Temur Malikka, Shermuhammadbek, Ibrohimbek, Ergash qo‘rboshi va boshqa qahramonlarimizga, Jizzax qo‘zg‘oloni, Qo‘qon voqeasi va yaqin o‘tmishdagi boshqa voqealarga atab ham atab yodgorliklar qo‘yiladi.
Bu birinchidan, avlodlar xotirasi oldidagi ma’naviy burchimiz, qolaversa, sayyohlik borasida juda boy va noyob tarixga ega mamlakatga aylanamiz. Bizni dunyo yanada ko‘proq taniydi, yanada ko‘roq e’tirof etadi.
O‘tmishning qora kunlarini eslatib, xalqimizni ogohlikka chorlashga xizmat qiluvchi bu yodgorlikni tiklashga hissa qo‘shgan barcha tashkilot va insonlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Bu buyuk insonparvar, baynalmilal va jafokash xalqimizning donishmandligi ramzi.
Zero tarixning achchiq haqiqatidan ko‘z yumib bo‘lmaydi! Fikrlarim xato bo‘lsa uzr…»
Shavkat Muzaffarov, rassom va me’mor
Eslatma! Muallif fikri sayt nuqtai nazarini ifodalamaydi.
