Zarafshonda suvchechak va gepatit virusini yuqtirish darajasi 2 barobarga oshdi

Zarafshonda suvchechak va gepatit virusini yuqtirish darajasi 2 barobarga oshdi

ZARAFSHON, Navoiy (Turon24) – Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida suvchechak va gepatit virusini yuqtirish darajasi o‘tgan yilgiga qaraganda 2 barobarga oshgan. Bu haqda Zarafshon shahar davlat sanitariya epidimiologiya markazi ma’lum qildi.

Zarafshon shahrida o‘tgan yili gepatit bilan og‘rigan bemorlar 15 nafarni, suvchechak bo‘lganlar 88 nafarni tashkil etgan. Joriy yilning 10 oyida 132 nafar suvchechak, 35 nafar gepatit virusini yuqtirganlar qayt etilgan. Kasallik asosan 2-3 yosh oralig‘idagi bolalar o‘rtasida kuzatilgan.

“O‘rganishlar davomida 2-3 yoshdagi bolalarning aksariyat qismi A vaksinasi bilan emlanmaganini aniqladik. Immunitet hosil bo‘lmagani uchun bolalar gepatitni osonlik bilan yuqtirib olishmoqda. Zarafshonda 2013 yilda ham gepatit virusi bilan kasallanganlarning keskin oshishi kuzatilgan. O‘sha yillarda shaharda yashayotgan oilalarning ko‘pchiligi Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimida faoliyat olib borardi. Kombinat A vaksinasi uchun pul o‘tkazgani bois, ommaviy tarzda emlash tadbirini tashkil etgandik, – deydi Zarafshon shahar DSNEM epidimiologiya bo‘limi boshlig‘i Asror Jabborov. – Joriy yilda esa ota-onalarning o‘zlari bilan uchrashib, emlash o‘tkazish uchun targ‘ibot ishlarini olib borayapmiz. A vaksinasi 150 ming so‘m turadi. Ammo oilalarning barchasi ham bolasini gepatitga qarshi emlatishga harakat qilmayapti”.

Asror Jabborovning qo‘shimcha qilishicha, Zarafshonda yuqumli kasalliklarga aniq tashxis qo‘yish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud emas. Boisi, bu yerda kasallik yuzasidan qon tahlilini to‘g‘ri chiqarib beradigan virusologik lobaratoriya yo‘q. Bunday lobaratoriya viloyat bo‘yicha Navoiy shahridagina mavjud.

“Virusologik lobaratoriyaga qon bemordan olingandan so‘ng ikki soat oralig‘ida keltirilishi shart. Zarafshondan Navoiyga kelish uchun ikki soatdan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi, – deydi A.Jabborov. – Shu bois, tashxisni asosan bioximik analizlarga asoslanib belgilaymiz. Bunday tahlil esa og‘ir, yog‘li ovqat yeganda va jigar shamollaganda ham, qonda ALT, ya’ni gepatit borligini tasdiqlaydigan natijani ko‘rsatishi mumkin”.

Zarafshon shahrining 7, 11 va 12-kichik tumanlarida suvchechak va gepatit virusini yuqtirish holatlari o‘tgan yilgiga nisbatan ko‘proq qayt etilgan. Hududdagi muassasalarda olib borilgan o‘rganishlar davomida ayrim MTM va umumta’lim maktablarida karantin e’lon qilingan xonalar talab darajasida emasligi, fuqarolar xonadonlarida esa shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilmaslik holatlari aniqlangan. Ayni paytda joylarda ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Hozirga qadar Zarafshonda 46 ta kasallik o‘choqlarida dizenfeksiya ishlari olib borilgan. Shulardan 31 tasi aholi xonadonlarida, 14 tasi umumta’lim maktablarida va bitta maktabgacha ta’lim muassasasida o‘tkazilgan.

Manba: turon24. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!