YTH natijasida yetkazilgan zarar undirildi

Shoshilish oqibati noxush holatlarni keltirib chiqarganiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.
Kunlarning birida fuqaro A.V. ham o‘zining "Tracker"ida uyi tomon otlanib, bir necha daqiqagina ertaroq borishni niyat qilgan chamasi, tun yarmida yo‘llarda transport vositalari ko‘p bo‘lmaydi degan xayol bilan svetoforning qizil chirog‘ida bo‘lsa ham chorrahani kesib o‘tishga qaror qiladi.
"Manzilga erta borishni emas, yetib borishni niyat qilgan ma’qul aslida."
Biroq, kutilmaganda u e’tibor qilmagan tomondan "Spark" rusumli avtotransport vositasi yetib kelib, chorrahaning o‘rtasida YTH sodir bo‘ladi.
Noxush hodisa yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ish sud tartibida ko‘rib chiqiladi va jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining qarori bilan birgina "Spark" ning egasiga yetkazilgan zarar 15,2 mln. so‘m deb topiladi.
Sudning qarzdor A.V.dan undiruvchi N.Q. foydasiga 15,2 mln. so‘m undirish haqidagi ijro hujjati Byuroning Farg‘ona shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilib, ijro harakatlariga kirishilgan.
Majburiy ijro harakatlari davomida sudning qarori ijrosini ta’minlamaslikning huquqiy oqibatlari tushuntirilgandan so‘ng qarzdor A.V. tomonidan 15,2 mln. so‘m pul mablag‘lari undiruvchi N.Q.ga naqd sanab beriladi va ijro hujjati amalda ijro etiladi.