Yoshlar kuni - qaysi davlatlarda qachon va qanday nishonlanadi?

Yoshlar kuni - qaysi davlatlarda qachon va qanday nishonlanadi?

Rossiyada Yoshlar kuni har yili 27 iyun kuni nishonlanadi. Bayram Rossiya Federasiyasi Prezidentining 1993 yil 24 iyundagi farmoyishiga binoan tashkil etilgan.

Rossiya uchun yoshlar har doim millat kelajagi sifatida jamiyat uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Yoshlarning jamiyatdagi mavqei va ularning ijtimoiy muhitni rivojlantirishdagi ishtiroki darajasi ham davlatga, ham o‘zlarining faol hayotiy pozisiyalariga ulkan foyda keltiradi.

Bu davlatda tariqasida yoshlar sirasiga 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar kiritiladi. Biroq Federasiyaning normativ-huquqiy hujjatlarida 35 yoshgacha va undan yuqori yoshdagi shaxslar yoshlar sifatida e’tirof etiladi.

Ukrainada esa "Yoshlar kuni" iyun oyining oxirgi yakshanbasida nishonlanib, 2020 yilda bayram 28 iyunga to‘g‘ri keldi.

Ukrainada "Yoshlar kuni" 1994 yilda Prezident Leonid Kravchukning tashabbusi bilan Ukraina yoshlar birlashmalari va tashkilotlarining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Xitoy Xalq Respublikasida 4 may kuni "Yoshlar kuni" sifatida e’lon qilingan. Ushbu bayram rasmiy dam olish kuni bo‘lib,  bu kun Xitoyda 1949 yildan beri rasmiy bayram sifatida nishonlanib kelinmoqda.

"Yoshlar kuni" - siyosiy tusga ega bo‘lgan milliy bayramdir. Bu Xitoy demokratiyasining shakllanish tarixidagi muhim tarixiy voqea bilan bog‘liq. 1919 yil 4 mayda yoshlarning ommaviy namoyishlari boshlangan, bu keyinchalik Xitoyda milliy ozodlik harakatining boshlanishiga turtki bo‘lgan.

Turkiya Respublikasida har yili 19 may kuni «Otaturk, Yoshlik va sport kuni» nishonlanadi. Unda davlat miqyosidagi marosimlar va sport tadbirlari o‘tkaziladi. An’analarga ko‘ra, turk sportchilari Turkiya bayrog‘ini Qora dengiz portidan mamlakatning poytaxti tomon Turkiyaning Mustaqillik urushini (1919-1923) xotirlash uchun ko‘tarib kelishadi.

Bayram arafasida yosh turk sportchilari Samsun shahridan (Mustaqillik urushi boshlangan nuqta) davlat poytaxti Anqaraga davlat bayrog‘ini ko‘tarib kelishadi. Odatda marafon taxminan 10 kun davom etadi. Turkiya prezidenti 19 may kuni rasmiy marosimda bayroqni qabul qiladi.

Bu rasmiy dam olish kuni bo‘lib, maktablar va ko‘pgina korxonalar o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turadi.

19 may kuni butun Turkiyada turli sport tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Ko‘pchilik bu kunni sportchilarning mahalliy stadionlarida chiqishlarini tomosha qilish yoki ommaviy marafonlar kabi ommaviy tadbirlarda ishtirok etish uchun tashrif buyuradilar. Universitet talabalari odatda ushbu kunda o‘qituvchilar va ota-onalar uchun maxsus dasturlar tayyorlaydilar.

Ko‘plab turklar 19 mayni Otaturkning tug‘ilgan kuni sifatida ham nishonlashadi. Ko‘p odamlar Otaturk yodgorliklariga gulchambar qo‘yib, derazalari tashqarisida turk bayroqlarini osib qo‘yishdi.

Butun jahonda esa 1999 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Bosh assambleyaning 54/120 rezolyusiyasi bilan 12 avgust - Xalqaro yoshlar kuni sifatida e’lon qilingan.

Har yili 12 avgust Xalqaro yoshlar kuni nishonlanadi. Yoshlar bilan ishlash markazida ko‘pincha yoshlar tashkilotlari va BMTning yoshlar rivojlanishidagi agentliklar tarmog‘i a’zolari ishtirokida kun mavzusi tanlanadi. Shuningdek, ushbu kunning virtual xotirasini tashkillashtiradi. Dastur dunyo bo‘ylab yoshlarni o‘z mamlakatidagi yoshlarning ahvoli to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etishga undaydi.

1995 yilda Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan dastur dunyo miqyosida yoshlarning ahvolini yaxshilash uchun milliy harakatlar va xalqaro yordam uchun siyosiy asos va amaliy ko‘rsatmalarni taqdim etadi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan belgilangan o‘n besh ustuvor yo‘nalishlarning har biri prinsipial masalalar, aniq maqsadlar va ushbu maqsadlarga erishish uchun turli ishtirokchilar tomonidan taklif etilayotgan harakatlar nuqtai nazaridan ishlab chiqilgan.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan belgilab berilgan o‘n beshta faoliyat yo‘nalishi – bu ta’lim, bandlik, ochlik va qashshoqlik, sog‘liq, atrof-muhit, giyohvandlik, balog‘atga etmagan bolalarga nisbatan odil sudlov, bo‘sh vaqtlar, qizlar va yosh ayollar hamda yoshlarning hayotda to‘laqonli va samarali ishtirok etishi, jamiyat va qarorlar qabul qilishda qatnashishi, shuningdek, globallashuv, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, OIV / OITS, qurolli mojarolar va avlodlararo muammolar kabilarni qamrab oladi. Shuning uchun ham Yoshlar kuni bayram sifatida nishonlash o‘rniga ko‘proq muammolarni hal etishga bag‘ishlangan, desak xato bo‘lmagan bo‘ladi.

Boshqa mamlakatlarga e’tiborimizni qaratadigan bo‘lsak, Pokistonda 11 mart, Paragvayda 21 sentyabrda Yoshlik va Bahor kuni nishonlanadi.

Singapurda Yoshlar kuni har yili iyul oyining birinchi yakshanbasida nishonlanadi. Ertasi esa kuni maktab ta’tili boshlanadi.

Janubiy Afrika Respublikasida – 16 iyun Janubiy Afrikada ommaviy bayram bo‘lib, 1976 yil Soveto qo‘zg‘oloni deb nomlanuvchi norozilik namoyishi xotirasiga Yoshlar kuni sifatida e’tirof etilgan.

Venesuelada Yoshlar kuni 12 fevralda nishonlanadi. Bayram Venesuela mustaqillik urushi paytida La Viktoriya jangida (1812) jang qilgan va vafot etgan 12 yoshdan oshgan barcha o‘spirinlarni xotirlash uchun belgilangan.

Hindistonda Milliy yoshlar kuni har yili 12 yanvar kuni Svami Vivekananda tug‘ilgan kunida nishonlanadi.

1984 yilda Hindiston hukumati Svami Vivekanandaning (u Vedanta, yoga, hind falsafalarini G‘arbiy dunyoga tanishtirgan asosiy shaxs) tug‘ilgan kunini 1985 yildan boshlab har yili Milliy yoshlar kuni sifatida nishonlashga qaror qilgan.

12 yanvar kuni Milliy Yoshlar kuni butun Hindistonning maktab va kollejlarida namoyishlar, nutqlar, tilovatlar, musiqa, yoshlar anjumanlari, seminarlar, yoga taqdimotlari, insho yozish, ma’ruza, musiqa, sport va boshqa dasturlar bilan o‘tkaziladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!