Yolg‘iz o‘g‘lining o‘limi uchun xun talab qilgan kampirni adolati bilan lol qoldirgan sulton kim edi?
Nomi afsonalarga yo‘g‘rilgan turkiy hukmdorlardan biri Saljuqiylar saltanatining so‘nggi hukmdori Sulton Muizziddin Abul Xoris Sanjar ibn Malikshohdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u Iroqning hozirgi Sinjar shahri hududida 1086 yilda tug‘ilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, uning ismi o‘zi tug‘ilgan shahar nomidan olingan deyilsa, boshqa manbalarda turkiy tildagi “sanchar, sanchuvchi, hujum qiluvchi” ma’nolarini berishi aytiladi.
U akasi sulton G‘iyosiddin vafotidan so‘ng, 1118 yili taxtga o‘tiradi. U o‘z davlatining poytaxtini hozirgi Turkmaniston hududidagi Marv (Mari) shahri hududiga ko‘chirgan. Keyinchalik Movarounnahr, Xuroson va Xorazmni o‘zida birlashtirgan ulkan saltanatga asos solgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sulton Sanjarning nomi Qashqardan Yamangacha, G‘aznadan Umongacha, Onado‘lidan to Hijozgacha xutbaga qo‘shib o‘qilgan. Biroq, 1141 yilda Movarounnahrga Qoraxitoylarning bostirib kirishi Sulton Sanjar hokimiyatini zaiflashtirgan. Ayniqsa, Qatvon cho‘lidagi jang Saljuqiylarni qaqshatqich zarbaga uchratadi.
Garchi uzoq urinishlardan so‘ng u hokimiyatning bir qismini qaytarib olishga muvaffaq bo‘lsa-da, oldingi kuch-qudratini yo‘qotib bo‘lgandi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Sulton Sanjar 1157 yilda Marv shahrida og‘ir xastalikdan vafot etadi.
Sulton Sanjar o‘z davrida fan, madaniyat va san’at homiysi sifatida ham dovruq taratadi. Uning saroyida o‘z davrining mashhur shoir va ulamolari to‘plangan. U Marv va boshqa ko‘pgina shaharlar, jumladan, Samarqandda ham bir qator me’moriy yodgorliklar qurdirgani ma’lum. Biroq, bu binolar mo‘g‘ullar bosqini paytida vayron qilingan.
RIVOYATLAR TILGA KIRGANDA...
Sulton xalq og‘zaki ijodi va badiiy adabiyotda adolatli, xalqparvar, oqil hukmdor sifatida gavdalanadi. Xalq orasida Sulton Sanjar nomi afsona va rivoyatlarga yo‘g‘rilib ketgan. Bir rivoyatga ko‘ra, Sulton Sanjar o‘ziga saroy qurdirmoqchi bo‘ladi. Lekin saroyning markazida o‘rnatish uchun baland, to‘g‘ri ustun kerak bo‘ladi. Unga mos daraxtni hech qayerdan topa olishmaydi. Nihoyat bir kampirning hovlisida ustunbop daraxt topiladi. Shoh ushbu daraxt uchun kampirga juda katta in’omlar beradi. Shu bilan birga, istagan paytda saroyga kelib, uni ko‘tarib turgan ustunni ko‘rib ketish huquqini beradi.
Kampir saroy bitgach, tomoshaga keladi va unga ko‘rk bag‘ishlab turgan ustunni ohista silaydi: “Agar sen egri o‘sganingda allaqachon o‘tinga aylanarding, to‘g‘riliging sabab sulton saroyidan joy olding, menga ham katta davlat va izzat olib kelding”...
“SHOH G‘OZIY” HIMMATI
Bu mazmundagi hikoyatlar mumtoz adabiyotga ham ko‘chib o‘tgan. Sharqdagi “Xamsa”chilik an’anasi asoschisi Nizomiy Ganjaviyning “Mahzanul asror” dostonida ham bu haqda bir hikoyat bayon etilgan.
Emishki, kunlarning birida Sulton Sanjar dushmanlarga qarshi jangda g‘alaba qozonib, o‘z poytaxtiga kirib kelganida, bir kampir kelib, unga arz qiladi. Sulton sabr va izzat bilan kampirni qabul qiladi. Kampir bir kuni kechasi mirshablar uning uyiga bostirib kirib, talon-toroj qilishgani, o‘zini tepkilashganidan shikoyat qiladi. Sultonga adolat va raiyatparvarlik haqida nasihatlar qiladi. Biroq, sulton uning so‘zlariga quloq osmaydi.
Bu rivoyatning turli ko‘rinishlari mavjud. Hazrat Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida ham “Shoh G‘oziy va kampir” hikoyati mavjud bo‘lib, unda voqealar sal boshqacharoq talqin qilinadi.
Kampir Shoh G‘oziyning huzuriga kelib, uning askarlari bir jangda yakka-yu yolg‘iz o‘g‘lini o‘ldirishgani, buning uchun shoh qonun oldida javob berishi lozimligini aytadi. Shoh kampirning talabini qondirish uchun u bilan qozining huzuriga boradi. Qozi ham haqqoniy hukm chiqaradi. Shoh yo kampirning o‘g‘li uchun xun puli to‘lashi lozim yo kampirga qasos olish imkonini berish kerak. Shunda shoh ikkilanmasdan yuz hamyon tilla va qilich keltirishlarini buyuradi: “Xun bahosi uchun mana pul, qasos olmoqchi bo‘lsang, mana shamshir!”
Kampir uning adolatidan lol qoladi va shohning oyog‘iga yiqilib uzr so‘raydi. Shoh esa kampirning izzat-hurmatini o‘z o‘rniga qo‘yib, uni oltin-u kumushga ko‘madi.
Hazrat Navoiy bu o‘rinda Sulton Sanjar nomini tilga olmasa-da, so‘z aynan u haqda ketayotganga o‘xshaydi. Chunki Sulton Sanjarning g‘ayridin o‘g‘uzlarga qarshi kurashib, G‘oziy nomini olgani tarixdan ma’lum. Boshqa bir guruh olimlar esa, bu o‘rinda so‘z Husayn Boyqaro haqida borayotganini aytadilar. Chunki Navoiy ko‘p asarlarida o‘z do‘stiga “Sho G‘oziy” deya murojaat qiladi.
NECHTA SULTON SANJAR BOR?
Ko‘p o‘rinlarda u o‘z do‘stini adolat va kuch-qudratda Sulton Sanjar bilan qiyoslagan. Husayn Boyqaroga atab yozilgan “Tuhfatul-afkor” qasidasida shunday misralar bor:
Mulki dil piri javonro hast obodon zi ishq,
Bonii Marvi kuhan Sanjar zi nav ham Sanjar ast.
Bu o‘rinda ishq keksa-yu yoshning qalbini birdek obod qilishini aytib, chiroyli o‘xshatish qiladi. Ko‘hna Marvni Sanjar bino qilgandi, yangi Marvni ham u boshqarmoqda. Bu o‘rinda Navoiy uch asr avval Marvning hokimi Sulton Sanjar bo‘lgani-yu, hozir ham Sulton Sanjar ismli boshqa bir hukmdor shaharni boshqarayotganini eslatadi. Tarixdan ma’lumki, Sulton Husayn Boyqaro taxtni egallashidan avval bir muddat Marv hukmdori bo‘lgan Sulton Sanjar huzurida yashagan va uning qizi Beka Sultonbegimga uylangan. Shu bois har ikki hukmdorni farqlash maqsadida Saljuqiylar hukmdori bo‘lgan Sulton Sanjar nomiga “Moziy” (avvalgi, o‘tgan zamondagi) sifatiga qo‘shib aytishgan.
Shu bilan birga, Hazrat Navoiy ham Marvda ma’lum muddat yashagan, bu paytga kelib, vayronaga aylangan Sulton Sanjar Moziy maqbarasini qayta tiklashda bosh-qosh bo‘lgan.
Manba: uza. uz
