Yaponiya O‘zbekiston tibbiyotiga 2,3 million dollarlik ko‘mak ko‘rsatadi
Yaponiya “Qon saqlash va tashish uchun uskunalar bilan ta’minlash loyihasi” doirasida O‘zbekiston tibbiy muassasalariga 360 million iyena (2,3 million AQSh dollaridan ziyod) miqdorida ko‘mak ko‘rsatadi.
“Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturi” beg‘araz yordami doirasidagi almashinuv notasiga O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi muvaqqat ishlar vakili Shinichiro Nakamura imzo chekdi.
Dastur doirasida O‘zbekiston bo‘ylab 14 ta hududiy qon markazlari va davlat klinikalari tasarrufidagi 3 ta qon quyish stansiyalari zamonaviy qon saqlash va tashish uskunalari bilan jihozlanadi. Mazkur loyiha mamlakatimizning donor qoniga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojini qondirish bilan birgalikda ixtiyoriy donorlar tomonidan berilgan qondan ishlab chiqarilgan qon mahsulotlarini oshiradi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston aholisi uchun xavfsiz qon mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirib, ilg‘or yapon texnologiyalaridan foydalanish orqali milliy sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shishi ham kutilmoqda.
Yaponiya elchixonasi xabar berishicha, Kunchiqar o‘lka hukumati O‘zbekistonda tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan hamkorlikni kengaytirishda davom etadi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 20 dekabr kuni Tokio shahrida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Oliy darajadagi mashvaratda Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida ustuvor sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Sammit davomida, shuningdek, davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida (Tokio deklarasiyasi) “Tokyo CA+JAD” tashabbusi doirasida sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan edi.
“Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturi” doirasidagi hamkorlik ushbu kelishuvlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Joriy yil noyabr oyida Toshkentda Yaponiya hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan 859 million iyena (taxminan 5,6 million AQSh dollari) miqdoridagi dasturi doirasida almashinuv notasi imzolangandi.
Ikki davlat joriy yil boshida ham umumiy qiymati 22,953 mlrd iyena bo‘lgan “Sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash loyihasi” bo‘yicha hujjat ma’qullangan.
