Yangi harbiy-vatanparvarlik bog‘i ochildi

Termiz shahrida “Vatanparvarlar” harbiy-vatanparvarlik bog‘i foydalanishga topshirildi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, nuroniylar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat g‘oyasi atrofida birlashtirib, Vatan himoyachilarini tarbiyalashda uzviylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning joriy yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq qurilgan yangi bog‘ hududlarda “Vatanparvarlar” harbiy-vatanparvarlik bog‘larini barpo etish, mavjud bog‘larni takomillashtirish bo‘yicha belgilab olingan chora-tadbirlar doirasida bunyod etildi.
Shaharning markazida tashlandiq bo‘lib qolgan hududda qad rostlagan bog‘ harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. 3.8 gektar maydonda barpo etilgan harbiy-vatanparvarlik bog‘i viloyat yoshlarining qiziqish va intilishlari e’tiborga olinib, vatanparvarlik, madaniy hordiq, sport va ma’naviy ozuqa hududlariga ajratilgan. Bu yerga keluvchilarning maroqli va mazmunli xordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
O‘ziga xos dizaynga ega bog‘da harbiy texnika va qurol-aslahalarni namoyish etish maydoni, harbiylashtirilgan to‘siqlar yo‘lagi, yoshlarda tezlik, kuch, epchillik, chaqqonlik, aniqlik, chidamlilik va qat’iyatlilik kabi xislatlarini rivojlantirib, jismonan sog‘lom bo‘lishga ko‘maklashadigan “Mardlar yo‘lagi”, “Workout” maydoni, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarishda halok bo‘lgan 28 nafar harbiy xizmatchi xotirasiga bag‘ishlab, mangu olov porlab turgan aylana shaklidagi xotira burchagida siymolari aks etgan “Qahramonlar nomi barhayot” burchagi tashkil etilgan.
Maxsus bino ichida milliy hunarmandchilik ishlari namoyish etiladigan, usta hunarmandlar yoshlarni hunarmandchilik sir-asrorlariga o‘rgatish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazadigan hunarmandlar markazi, “Paintball”, bolalar o‘yin maydonlari va attraksionlar, yoshlar kutubxonasi, o‘q otish tiri, Book-cafe ,skalodrom ,ot maneji, blindaj ko‘rinishidagi kafe, kartodrom (karting), bouling markazi, jang maydonidagi blindajlar qad rostladi.
Bog‘ning boshqa dam olish maskanlaridan farqi shundaki, bu yerda yosh avlod qalbida milliy ruhni ulg‘aytib, ularning ma’naviyatini yuksaltirish uchun barcha sharoit muhayyo qilingan. Atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan ko‘rkam “yashil makon” barpo etilgan.
Bog‘ni bunyod etishda faol ishtirok etgan bir guruh harbiy xizmatchilarga sovg‘alar topshirildi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov so‘zga chiqdi.